Din

Saudiya Arabistoni targ'ib qiluvchi mafkura ekstremistlar uchun oziqa

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistoni boshchiligida tuzilgan islomiy harbiy alyans Suriyadagi urushni tugatishda rol o'ynashi mumkin, ammo Riyodning o'zi radikal islom targ'ibotchisi, deydi tahlilchilar.

Your browser doesn’t support HTML5

Saudiya Arabistoni targ'ib qiluvchi mafkura ekstremistlar uchun oziqa - Shohruh Hamro

Demokratiyani himoya qilish jamg'armasidan Deyvid Vaynberg izohiga ko'ra, mintaqaviy harbiy ittifoq tuzish bilan Saudiya Arabistoni bir necha maqsadni ko'zlaydi.

"Qisman reklama, qisman bu davlatning regiondagi obro'sini ko'tarish uchun qilinayotgan ish. Al-Qoida va "Islomiy davlat" guruhiga qarshi samimiy kurashni ham o'z ichiga oladi", - deydi Vaynberg.

Saudiya Arabistoni, AQShning arab dunyosidagi azaliy ittifoqchisi, o'nlab yillardan buyon islomning - muloyim qilib aytganda - notolerant oqimini dunyo bo'ylab targ'ib qiladi. Bu fakt, deydi Markaziy razvedka agentligida 30 yil ishlagan Bryus Raydel.

"Ana shu notolerant muhitdan al-Qoida va "Islomiy davlat" o'ziga a'zolarni yollaydi", - deydi sobiq razvedkachi.

Saudiya din peshvolari talqinidagi vahobiy mafkura terrorchi guruhlar, jumladan "Islomiy davlat" uchun oziqa. Jazoirlik yozuvchi va tahlilchi Kamol Daud yaqinda "Nyu-York Tayms" gazetasida bosilgan maqolasida Saudiya Arabistonini "Islomiy davlat" qiyofasidagi mamlakat deya ta'rifladi.

Iroq va Suriyada guruh minglab shia va yazidiylarni, hatto islomning masihiy talqinini tan olmaydigan sunniylarni qatl etgan. Brukings tadqiqot markaziga ko’ra, Twitter tarmog’ida “Islomiy davlat”ning eng ko’p tarafdorlari aynan Saudiya Arabistonidan.

Ayrimlar nazarida, Kamol Daudning maqoladagi xulosasi bo’rttirilgan. Ammo inson huquqlariga kelganda jihodchi guruh va Saudiya Arabistoni qo’llaydigan jazo choralari bir xil: zinogarlar toshbo’ron qilinadi; o’g’rilarning qo’li kesiladi; kofirlarning boshi olinadi; gomoseksual fuqarolar qamchilanadi yoki o’limga mahkum etiladi.

AQShning Riyoddagi sobiq elchisi Robert Jordan deydiki, terrorizmga qarshi mafkuraviy kurashda Saudiya Arabistonining o’rni beqiyos. Biroq siyosiy rahbarlar va diniy ulamolar o’rtasida o’ziga xos kelishuv mavjud.

“Ekstremizm bevosita hukumat yoki qirol oilasidan emas, balki yaxshi moliyalangan diniy strukturalardan keladi. Qirollik diniy ulamolarga tayanadi”, - deydi sobiq elchi.

Yana bir muhim faktor - Eron. Saudiya Arabistoni mintaqaviy raqibi deb biladigan bu shia davlat bilan raqobatga bor kuchini sarflaydi, “Islomiy davlat” bilan kurashga emas, deydi Jordan.

Saudiya Arabistoni tuzgan yangi islomiy ittifoq 34 davlatni o’z ichiga oladi, boshqaruv markazi esa Riyodda. Turkiya va Misr ham unga kirgan, ammo Eron taklif etilmagan.

Qo’shma Shtatlar sunniy arab davlatlarni anchadan buyon “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda birlashishga undab kelayotgan edi. Tahlilchi Deyvid Vaynbergning qayd etishicha, o’tmishda bunday ko’p tomonlama tashabbuslar samara bermagan.

Fors ko’rfazi hamkorlik kengashi ham, islomiy ekstremistlarga qarshi kurashish uchun tuzilgan arab qo’shma harbiy kuchlari ham “dushman kim” degan bahslarga tortilgan.