Din

Saudiya Arabistonida xotin-qizlar bugun qanchalik erkin?

  • Amerika Ovozi

Riyod ko'chalarida

Saudiya Arabistonida hukumat xotin-qizlarga yangi huquqlar bergani jahon bo’ylab ijobiy qarshilandi lekin bu jamiyatda ular uchun ko’plab eshiklar hamon yopiq.

Yaqinda chiqqan farmonga ko’ra, endi Saudiya Arabistoni ayollari ayrim qarorlarni erkaklarsiz qabul qilishi mumkin. Shariat bunga ruxsat beradi, deydi ulamolar. Bu mamlakatda xotin-qizlar erkaklar nazorati ostida.

Huquqshunos Hassa al-Dulaymiy deydiki, davlat ayol va erkak fuqaroga birdek xizmat qilishi kerak va ularga to’laqonli insonlar deb qarashi lozim.

Mutaxassisning izohicha, endilikda qirollikda ayol kishi biror bir idoraga borib yordam so’rasa, uning talabi qondirilishi kerak. Oldinlari xotin-qizlar faqat o’ziga yaqin erkak kishi bilan borishi shart edi. Universitetga kirish, bank hisobi ochish, hatto qamoqdan ozod etilganidan keyin uyga o’zi qaytish – yangi huquqlar qatorida.

Pasport olish, chet elga chiqish yoki oila qurish – buning uchun ular hamon erkaklardan ruxsat olishi shart.

Saudiya Arabistonida ayrim ayollar mashina haydashga jur'at etgan. Xotin-qizlarning rulga o'tirishi qirollikda azaldan man etilgan.

Yozuvchi ayol Maha Ba'ashan fikricha, uning yurtdoshlari, ayniqsa xotin-qizlar o’z huquqlari haqida deyarli bilmaydi, chunki erkaklar nazorati ostida yashashga o’rganib ketgan, o’ziga ishonchi past.

Xotin-qizlar Saudiya Arabistonida erkaklar bilan teng maosh olish huquqiga ega, deydi adiba. Har bir sohada ham ishlay olmaydi, lekin 30 ga yaqin yo’nalishda ularga imkoniyatlar taklif qilinadi. Diniy kengashda ham 30 ayol o’tiradi.

BMT azaldan qirollikni xotin-qizlar huquqlarini muntazam ravishda poymol etayotganlikda ayblab keladi. Saudiya Arabistoni hamon ayollar uchun zulmat, deya tahlil qilinadi yillik hisobotlarda. Yaqinda bu davlat BMTning Ayollar Komissiyasiga saylanganida bu qaror dunyo bo’ylab qoralandi. Komissiya jinsiy tenglikni targ’ib qiladi. Saudiya Arabistonida esa bunday tenglik yo’q. Diniy monarxiya, segregatsion teokratiya qanday qilib BMTda yuqori o’ringa chiqdi, deya tanqid qildi Kanada siyosatchilari.

Inson huquqlari bo’yicha “Human Rights Watch” (HRW) tashkiloti nazarida esa Yevropaning uch davlati Saudiya Arabistonini yoqlab chiqqani vijdonsizlikdir. Ulardan biri Belgiya keyinroq bu qarorini xato deb atadi. HRWga ko’ra, BMT repressiv tuzumlarni to’rga chiqarib o’ziga nisbatan ishonchini yemirib bo’lgan.

Shahzoda Muhammad bin Salmon deydiki, ayollarning mashina haydashi yaxshilikka yetaklamaydi

Ijtimoiy tarmoqlarda Saudiya Arabistonida ayollar oddiy ishlarni qila olmasligi qizg’in muhokamada, masalan, mashina haydash. Bir necha ayol o’z huquqini talab qilib, ochiqchasiga rulga o’tirgan. Lekin jamoatchilik fikri hamon ular tarafida emas. Xotin-qizlarning ishi emas bu, degan qarash keng.

Qirol Salmonning o’g’li Muhammad bin Salom jurnalistlarga aytishicha, ayollarning haydamasligi islomiy cheklov emas, balki Saudiya Arabistonida uzoq tarixga ega odat. Bu qarashni o’zgartirish uchun vaqt kerak, deydi shahzoda. Uning fikricha, ayollarning rulga o’tirishi salbiy oqibatlarga yetaklaydi, ya’ni ularning ahloqining buzilishiga olib boradi.

Saudiya Arabistoni xotin-qizlari o'z huquqlarini bilmaydi, deydi faol ayollar

Saudiya Arabistoni ulamolari fundamental qarashlarni olg’a suradi. Ular fikricha, xotin-qizlar erkaklarning mulki va hamma narsa erkakning irodasiga bog’liq va ayollarning biror huquq talab qilishga haqqi yo’q. Salmondan oldingi qirol, Abdulla xotin-qizlarga mahalliy hokimiyatlarga saylanish huquqini bergan edi. Biror ayol bu mamlakatda ko’chaga butunlay yopinmay chiqa olmaydi. Bu talab hech qachon o’zgarmaydi, deydi taqvodorlar.

Saudiya Arabistoni muftiysi Abdul Aziz al-Shayx bayon qilishicha, uning mamlakati ayollari dunyoda eng e’zozlangan insonlardir. Islomdek adolatli din yo’q va bu jamiyat shariat ostida yashaydi, hech kim bundan shubhalanmasin, deydi ulamo.

Dinni bahona qilib ayollarni ezish chuqur ildiz otgan muammo va xotin-qizlar ham farqini bilmaydi, deya afsuslanadi yozuvchi Maha Ba'ashan. Buni o’zgartirish uchun esa tarbiyaga e’tibor qaratish kerak. Tarbiya esa Saudiya Arabistonida uyda, oilada. Qizlar jamiyatga qo’shilgunicha itoatkor insonga aylanib bo’ladi. O’g’il bolalar esa ularni o’ziga teng deb hisoblamaydi.