Ostonada Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti o'tmoqda

  • Amerika Ovozi

Ostona, 15 iyun 2011

Bugun Qozog’iston poytaxti Ostonada Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sammiti o’tmoqda. 10 yilligini nishonlayotgan bu guruhga hozircha olti davlat a’zo, ammo tez orada uning safi kengayishi kutilmoqda. Ostonaga bir necha mamlakat rahbarlari kuzatuvchi sifatida tashrif buyurgan.

Avvaliga Shanxay Beshligi deya nomlangan tashkilot unga 2001-yil O’zbekiston qo’shilganidan keyin Shanxay Hamkorlik Tashkiloti deya yuritila boshladi. Asosiy maqsadi – bo’lginchlik va ekstremizmga qarshi kurashda hamkorlik.

Ostona sammitida Eron, Pokiston, Afg’oniston prezidentlari va Hindiston tashqi ishlar vaziri kuzatuvchi sifatida qatnashmoqda.

Vashingtonda joylashgan Gudzon Instituti tahlil markazi vakili Richard Vaysning aytishicha, guruh tezkorlik bilan kengaymoqda.

Tashkilotga a’zo ikki yirik davlat bu – Rossiya va Xitoy. Qolganlari Markaziy Osiyoning Turkmanistondan tashqari barcha mamlakatlari. Har biri guruhdan o’z manfaatlari yo’lida imkon qadar ko’proq naf olishga harakat qiladi.

Tahlilchi Vaysning aytishicha, guruh iqtisodiy, xususan energetik masalalarda ham faol. Iqtisodiyoti tobora rivojlanayotgan Xitoyning yonilg’iga talabi katta, Rossiyada esa yirik gaz va neft zaxiralari bor.

"Maydaroq a’zo-davlatlar tashkilotdan Moskva va Pekin bilan ish yuritishda foydalanmoqda. Guruh doirasidagi ko’p tomonlama muloqot ular uchun yirik davlat bilan ikki tomonlama muloqotdan osonroq va afzalroq. Markaziy Osiyodagi rasmiylardan birining so’zlari bilan aytganda, Xitoy Rossiya bor joyda, Rossiya esa Xitoy bor joyda hiylasini ko’rsata olmaydi", - deydi Richard Vays.



Tashkilotga a’zolikning yana bir ustunligi shundaki, Xitoy Eksport-Import bankidan imtiyozli kreditlar olish mumkin. So’nggi yillarda Xitoy Markaziy Osiyo respublikalariga Jahon Bankidan ko’ra ko’p pul bergan. Yolg’iz 2009-yilda 10 milliard dollarga teng qarz ulashilgan.

Xitoy bu davlatlarda iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotga qaratilgan 50 dan ziyod loyihani amalga oshirganini aytadi. Xitoy banki aloqa, transport, energetika va qishloq xo’jaligi sohalariga doir dasturlarni ham qo’llab-quvvatlab keladi.

Xitoy tashqi ishlar vaziri yordamchisi Jen Guopinning aytishicha, kreditlarning yarmidan ko’pi davlatlarga berib bo'lingan.

"Kelajakda qo’shimcha yordam puli ajratilishi kutilmoqda. Ostonadagi sammit doirasida ana shular ko’rib chiqiladi", - deydi rasmiy.

Tashkilotdagi to’rt kuzatuvchi-davlatdan uchtasi – Hindiston, Eron va Pokiston to’liq a’zolik uchun navbatda turibdi. Turkiya, Belarus va Shri-Lanka esa tashkilot doirasidagi muloqotda hamkor bo’lish uchun ariza bergan.

Ayrim mutaxassislar nazarida guruh yangi a’zolarni qabul qilishga shoshmayapti, ammo, deydi Jen Guopin, bundan qochib bo’lmaydi.

"Sammitda davlat rahbarlari a’zolik shartlariga doir hujjat imzolaydi. Tashkilot nizomiga ko’ra, yangi a’zolar umumiy xayrixohlik asosida qabul qilinadi", - deydi Xitoy rasmiysi.

Tashkilotning kengayish istiqbollari inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi guruhlarni xavotirga solmoqda. Ular nazarida a’zo davlatlar terrorizmga nisbatan siyosatni Xitoydan ko’chirmoqda, ya’ni terrorizm deganda Pekin bo’lginchlik va ekstremizmni ham nazarda tutadi.

Nyu-Yorkda asoslangan “Xitoyda Inson huquqlari” deb nomlanuvchi tashkilot rahbari Sheron Xom nazarida aksil-terror siyosatiga kelganda Xitoy va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti egizaklardir.

"Tashkilot doirasida a’zo-davlatlar qora ro’yxat tuzib, odamlarni ekstraditsiya qilib, siyosiy boshpana so’ragan shaxslar arizalarini inkor etib va ularni majburiy ravishda vataniga qaytarib yuborib, inson huquqlarini buzmoqda. Harbiy va politsiya mashg’ulotlarini ozchilikdagi elatlar yashovchi hududlarda o’tkazib, namoyishlarni bostirish usullarini mashq qilishadi", - deydi Sheron Xom.

Masalan, may oyida Xitoy, Qirg’iziston va Tojikiston askarlari uyg’urlar yashovchi Shinjon viloyatida aksil-terror mashqlarini o’tkazdi. Ma’lumki, Xitoy uyg’urlarni bo’lginchilikda ayblaydi.