Shanxay Hamkorlik Tashkiloti AQSh rejalayotgan mudofaa tizimiga qarshi

  • Amerika Ovozi

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti AQSh rejalayotgan mudofaa tizimiga qarshi

Ostonada o'tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti yakunida ishtirokchi davlatlar Qo'shma Shtatlarning Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimini o'rnatish rejasini tanqid qilib, strategik barqarorlik va global xavfsizlikka tahdid deb atadi.

Olti a'zo-davlat rahbarlari bayonot chiqarib, tizimni barpo etishdagi bir tomonlama har qanday harakatni qoraladi.

Hujjat matnida Qo'shma Shtatlar tilga olinmagan, ammo AQShning bu rejasi ma'lum.

Vashington nazarida mudofaa tizimi Yevropani Eron hujumidan himoya qiladi, ammo Rossiya tizim unga qaratilgan deb, qarshi chiqmoqda.


Anjuman mezboni va raisi Qozog’iston rahbari Nursulton Nazarboyev a’zo davlatlarni mintaqa xavfsizligi borasida faolroq hissa qo’shishga undadi.

Nazarboyev o’tgan yil yozida Qirg’iziston janubida ro’y bergan qirg’inni esladi.

“Fojea yuzasidan samarali chora ko’ra olmadik, demak, guruhni isloh qilish, qaltis vaziyatga yordam qo’lini cho’za oladigan tashkilotga aylanishimiz kerak”, - deydi Qozog’iston prezidenti.

“Qirg’izistonda ikki siyosiy voqea – mojaro va qo’zg’olonning guvohi bo’ldik, lekin bir ovozdan javob bermadik”, - deydi u.

Anjuman oldidan Xitoy prezidenti Xu Sintao tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega Eron rahbari Mahmud Ahmadinajod bilan yuzma-yuz gaplashib, yadro dasturi masalasida xalqaro muzokaraga qaytishga undadi.

Ahmadinajod BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari va Germaniya bilan muloqotga rozimiz, deya javob qilgan.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining keyingi sammiti 2012-yil Xitoyda o’tadi.

Sammitda kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod Markaziy Osiyo davlatlarini qulchilar va kolonizatorlar hukmronligini inkor etishga chaqirgan.

Eron AQSh va G'arbni odatda shunday deb ataydi.

Sammit yakunida Xitoy va Rossiya rahbarlari Ahmadinejod bilan Eron yadro dasturi haqida gaplashib, u bilan bog'liq munozarani muzokara orqali hal qilishga chaqirdi.