AQSh Senati qo'mitasi Eron yadro dasturiga doir qonun loyihasiga kelishdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Senati Tashqi aloqalari qo'mitasi raisi Bob Korker

AQSh Senati Tashqi aloqalar qo'mitasi Kongressga Eron yadro dasturiga doir bitimni ovozga qo'yish vakolatini beruvchi qonun loyihasi bo'yicha bir to'xtamga keldi.

Qo'mitaning respublikachi va demokrat a'zolari qisqa tortishuvdan so'ng murosaga erishdi. Bu hujjatga ko'ra, Kongress Eron bilan imzolanadigan bitimni oldin taklif etilganiday 60 kun emas, 30 kun ichida ko'rib, so'ng ovozga qo'yishi mumkin.

Qo'mita raisi, respublikachi Bob Korkerning aytishicha, prezident Eron yakuniy shartnomaga qanday amal qilayotgani haqida har 90 kunda Kongressga hisobot berib turishi kerak.

"Umid qilamanki, loyiha bir ovozdan qabul qilinadi", - deydi u.

So'nggi ikki kun Davlat kotibi Jon Kerri va Obama ma'muriyatining ayrim a'zolari Senatdagi tinglovda qatnashib, qonunchilarni prezidentni Eronga qo'yilgan sanksiyalarni to'xtatish yoki bekor qilish vakolatidan mahrum qiluvchi qonun loyihasini qabul qilmaslikka chaqirdi.

Xalqaro muzokaralar 30-iyungacha davom etadi. Prezident Obamaning aytishicha, agar Kongress yakuniy hujjat matnini ko'rib chiqishni cho'zsa, muzokaralarning so'nggi bosqichi qiyin kechishi mumkin.

Eron sanksiyalar bekor qilinmasa, bitimni imzolamaymiz, degan.

10 respublikachi va to'qqiz demokrat qonunchidan iborat Tashqi aloqalar qo'mitasi bugun murosa orqali kelishilgan bitimga ovoz beradi.