AQSh elchisiga hujum qilgan shaxs Shimoliy Koreya odamimi?

  • Amerika Ovozi

Seulda AQSh elchisiga hujum qilgan shaxs sudga olib ketilmoqda, 6-mart, 2015-yil.

Janubiy Koreya rasmiylariga ko'ra, Seulda AQSh elchisiga hujum qilgan shaxsning Shimoliy Koreyaga aloqasi bo'lishi mumkin.

Diplomatga pichoq bilan jarohat yetkazgan odam qo'shni o'lkaga bir necha bor tashrif buyurgan.

Agar ayblanuvchining Shimoliy Koreya rejimini qo'llab-quvvatlagani aniqlansa, u xorijlik shaxsga hujum qilish va boshqa ayblovlardan tashqari, davlatning xavfsizlik qonunini buzganlikda ham ayblanib, sudga tortiladi.

Kim ismli bu shaxs hujumni yolg'iz o'zi amalga oshirgan. Politsiya so'roq qilganida, u AQSh-Janubiy Koreya harbiy mashg'ulotlariga qarshiligini shu tariqa ifodalashga uringanini aytgan.

Kim avvaldan ultra-millatchi qarashlari va zo'ravonligi bilan tanilgan. Bahsli orollar yuzasidan Yaponiyaga qarshi namoyishlar ham o'tkazgan. 2010-yilda Yaponiya elchisiga beton parchalarini uloqtirgani uchun hibsga olingan, ammo keyin qo'yib yuborilgan. 1990-yillar boshida u Amerikaga qarshi namoyish qilib, Seuldagi elchixona hovlisida AQSh bayrog'ini yoqqan.

Shimoliy Koreya matbuoti hujumni olqishlab, buni o'tgan oy AQSh va Janubiy Koreya o'rtasida boshlangan harbiy mashqlar uchun "adolatli jazo" deb atagan.

Janubiy Koreya rasmiysi Lim Byong-chul hodisani va Pxenyan fikrini qoralab, Shimoliy Koreyani jinoyat sabablari haqida yolg'on to'qimaslikka chaqirdi.

Janubiy Koreyada AQSh askarlarining turishiga qarshi mamlakatda ilgari ham namoyishlar bo'lgan.

Ammo so'nggi paytlarda Shimoliy Koreyaning yadro tahdidi ko'lami hamda mintaqada Xitoy ta'siri oshgan sari Janubiy Koreyaning AQSh bilan harbiy hamkorligi yuzasidan aholi fikri ijobiy tomonga o'zgarmoqda.

2014-yil o'tkazilgan ommaviy so'rovga ko'ra, xalqning 90 foizdan ziyodi harbiy hamkorlikni zarurat deb hisoblaydi.