Kecha AQShning Janubiy Koreyadagi elchisi Mark Lippert Seulda hujumga uchrab, kasalxonaga olib borilgan. Diplomat jarohatlangan lekin ahvoli og'ir emas. 55 yashar Kim Ki Jon ismli odam unga pichoq bilan hamla qilib, yuzi va bilagini kesgan.
Guvohlarga ko'ra, elchi bu payt nonushta qilayotgan bo'lgan.
Unga hujum qilgan odam "Janubiy va Shimoliy Koreya birlashishi kerak" deya xitob qilgan. Bu shaxs darhol hibsga olingan.
Janubiy Koreya Prezidenti Pak Gven Xening aytishicha, AQSh elchisiga hujum ikki davlat orasidagi mustahkam ittifoqchilikka nisbatan tahdiddir.
AQSh Davlat departamenti voqeani qoralagan. Oq uyning bildirishicha, Prezident Barak Obama va Davlat kotibi Jon Kerri elchi Lippertga telefon qilib, hol-ahvol so'ragan.
Shimoliy Koreya matbuoti hujumni olqishlab, Janubiy Koreya xalqi shu tariqa AQSh bilan harbiy qo'shma mashqlarga norozilik bildirmoqda, degan.