Kaliforniya ilm ahli fojiadan o’ziga kelganicha yo’q

  • Amerika Ovozi
Amerikaliklar so’nggi yillarda qurol bilan sodir etilgan qator fojialarga guvoh bo’ldi. Jamoatchilik joylarida, kinoteatrda va hatto maktablarda. Kaliforniyada talabalar so’nggi otishmadan haliyam o’ziga kelgani yo’q.

Yaqinda Kaliforniya universitetining Santa Barbara shahridagi kampusida yosh yigit olti kishini o’ldirib, keyin o’z joniga qasd qilgan.

Mamlakat bo’ylab o’quv yurtlarida hammaning og’zida bir savol: Nega begunoh odamlarning qoni to’kildi?

“YouTube” saytiga joylashtirgan videosida qotil yolg’iz ekanidan nolib, ayollarga zahrini sochadi. Talaba Deshna Majmudar fikricha, bu jamiyatda xotin-qizlarga hurmatsizlik nishonasi.

“Erkak va ayol teng ko’rilishini istaymizu, lekin haqiqatda ayollarni kamsitish, tahqirlash ko’p uchraydi”, - deydi u.

Yana bir student Viktoriya Kaus ham voqeadan dahshatda. Uning aytishicha, qizlarni erkaklardan qo’rqishga, shubhalanishga o’rgatishadi.

“Xavfsirash emas, bir-birimizga hurmat bilan qarashimiz kerak”.

Janubiy Kaliforniya universitetida aksar talabalar hozir ta’tilda.

Diniy masalalar uchun mas’ul Varun Soni Santa Barbaradagi otishma barchaning ko’ngliga g’ulg’ula solganini aytadi.

“Bunday voqea istagan bir dargohda ro’y berishi mumkin edi. Odamlar shu haqda o’ylaydi”, - deydi u.

Universitet talabalar uchun ruhiy maslahat xonalari ochiq. Internetdan ham bir dunyo ma’lumot topish mumkin. Ruhshunos Jona Frisning aytishicha, zo’ravonlik ro’y berganda nima qilish borasida har bir kollejning o’z rejasi bor.

Ammo studentlarni mutaxassisdan yordam olishga ko’ndirish oson emas. Amerikada, deydi Fris, har to’rt odamdan biri ruhiy xastalik bilan yashaydi.

“18-29 yoshdagilar orasida bundaylar 43 foizni tashkil etadi. Butun mamlakat miqyosida har ikkinchi odam ruhiy tushkunlik bilan yuzlashadi. Ham ayollar, ham erkaklar”, - deydi Fris.

Dekan Varun Soni AQSh o’quv yurtlarini bilim o’choqlari deb ta’riflaydi.

“Lekin studentlarga yaxshi fuqaro bo’lishni, do’stlik va muruvvatni ham targ’ib qilishimiz kerak. Eng muhimi jinoyatlarning oldini olish".