AQSh Adliya vazirligi josuslikda ayblangan Snoudenni sudga berdi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Adliya vazirligi Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq xodimi va Milliy xavfsizlik agentligi sobiq pudratchisi Edvard Snoudenni kitob nashr qilgani uchun sudga berdi. Rossiyada yashayotgan Snouden qo’lyozmani avval hukumatga taqdim etishi kerak edi, deya bildirmoqda vazirlik. 2013-yilda kuzatuv dasturlariga oid ma’lumotlarni fosh etgani uchun AQShda Snoudenni josuslikda ayblashgan, uning o’zi ayblovni rad etadi.

Milliy xavfsizlik agentligi sobiq xodimi, AQShda josuslikda ayblanib Rossiyaga qochgan Edvard Snoudenning yangi kitobi rastalarda paydo bo’ldi. “Amazon” onlayn do’konida ham uni ingliz va nemis tillarida sotib olish mumkin.

“Odatda muhim kitoblar nashr etilishidan oldin bizga bir nusxasini yuborishadi. Sotuvga chiqishidan oldin o’qib chiqamiz. Biroq bu kitob nusxasini berishmadi”, - deydi kitob do’koni xodimi Mark Laframboyz.

AQSh davlat idoralari kitobni oldindan ko’zdan kechirmagan. Adliya vazirligi nashrni to’xtata olmaydi, lekin Snouden sotuvdan foyda ko’rmasligi kerak. Snoudenga ko’ra, kitobdagi faktlar hammaga ma’lum va ko’p muhokama qilingan.

Nashriyotchi ham sud qog’ozlarida qayd etilib, undan Snoudenga pul o’tkazmaslik so’ralmoqda. Rasmiylarning aytishicha, sobiq xodim Markaziy razvedka boshqarmasi va Milliy xavfsizlik agentligi bilan imzolagan shartnomalariga zid ish tutgan.

Edvard Snouden bu ayblovlariga shunday javob beradi:

“Maxfiylik shartnomasi bor va shu bilan birga konstitutsiyani himoya qilishga ont ichganmiz. Bizdan himoya qilish so’ralayotgan sir shuki, hukumat konstitutsiyani oyoq osti qilyapti”.

Uning butun dunyo bo’ylab tarafdorlari bor. Snoudenni ular hukumatning qora ishlarini fosh etgan qahramon deb bilishadi.

AQSh va Yevropada asoslangan tashkilotlar Edvard Snoudenni jasorat, so’z erkinligi, inson huquqlari va demokratik tamoyillarni himoya qilish bo’yicha mukofotlar bilan taqdirlangan.

Biroq uni xoin va qonunbuzar deb ataydiganlar ham ko’p. AQShda u davlat mulkini o’g’irlash hamda Josuslik to’g’risidagi qonunni buzganlikda ayblanadi. Sobiq Prezident Barak Obama hatto Snoudenni vataniga qaytib, sud oldida javob berishga, o’zini himoya qilishga chaqirgan edi.

“Agar qilgan ishini to’g’ri deb bilsa, har qanday amerikalik singari advokati bilan sudga borsin, aybsizligini isbotlasin”, - degan edi Obama.

Yaqinda “CBS” telekanali bilan suhbatda Edvard Snouden sud adolatli va ochiq bo’lishi ta’minlansa, AQShga qaytishini aytdi. Lekin, deydi u, AQSh hukumati uni maxsus qoidalar asosida yopiq holda sudlamoqchi.