Pandemiya sabab ko’p odamlar masofadan turib, uydan ishlarkan, ijtimoiy sahifalar do’stlar bilan aloqa qilishga eng yaxshi vositadir. Biroq siyosiy qarashlardagi kelishmovchiliklar bunday aloqalarga salbiy ta’sir qilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
15 yildan beri Nyu-York shahrida yashayotgan Kevin Makmallen Pensilvaniyadagi oila a’zolari bilan 2016-yildan beri deyarli gaplashmaydi. Kevin o’shanda demokratlardan nomzod Xillari Klintonga ovoz bergan edi. Oila har gal to’planganida albatta urush-janjal chiqadi.
Lyubov Borod va uning ukasi Yakov AQShga Rossiyadan kelganiga 40 yildan oshdi. O’sha paytda Jimmi Karter prezident edi. Keyingi saylovda ular Ronald Reyganga ovoz berishdi. Shundan keyin Respublikachilar partiyasidan nomzodini qo’ygan har bir siyosatchiga. Biroq kenja Jorj Bushdan so’ng Lyuba demokratlarga ovoz bera boshladi. Bu esa oilada munosabatlarning taranglashishiga olib keldi.
“Opam bilan gaplashmay qo’yganman. 25 yillik do’stim bilan ham”, - deydi u.
AQShda jamiyatning qutblashishi yangilik emas, biroq ijtimoiy sahifalar nizolarni kuchaytirmoqda, do’stlik rishtalarining uzilishiga sabab bo’lmoqda.
“2008-, 2016-yillardagi saylovlardan so’ng va shu yili ham ancha odam bilan ijtimoiy sahifada aloqani uzdim”, - deydi internetda xavfsizlik bo’yicha ekspert Su Sheff.
Dunyo bo’ylab onlayn adovat haqida kitob yozgan mutaxassisning aytishicha, agar biror mavzu bo’yicha kelishishning imkoni bo’lmasa, ijtimoiy sahifada aloqani uzib, shu odam sahifasidagi postlarni ko’rmaslik mumkin.
“Adovat, bo’linish hech kimga foyda keltirmaydi”, - deydi Sheff.
Ijtimoiy dinni tadqiq qilish instituti o’tkazgan so’rovdan ma’lum bo’lishicha, ijtimoiy sahifalardagi do’stlari qatoridan qarama-qarshi fikrdagi odamlarni o’chirib tashlash holatlari saylovlarda demokrat nomzodlarni qo’llab-quvvatlaydiganlar orasida uch baravar ko’p uchraydi. Saylovchilarning 80 foizidan ko’pi yaqin do’stlari orasida qarshi partiyaga ovoz berganlar yo’qligini aytadi.
Ushbu markaz xulosasiga ko’ra, tanishuv saytlari ham siyosiylashgan. Shunday saytlarda ro’yxatdan o’tgan odamlarning 84 foizidan oshig’i ular bilan siyosiy masalalarda hamfikr bo’lmaganlar bilan uchrashuvga chiqmasligini aytadi.
Kevin Makmullen odamlarning g’azabi va adovatidan charchab, bir necha yil oldin “Facebook”dagi sahifasini yopib tashlaganini aytadi. U oilasi bilan aloqa yaxshilanishiga umid qiladi. Mamlakatni kim boshqarishidan qat’i nazar, deydi u, bu oilaga ta’sir qilmasligi kerak.