Quyosh bo'ronlari elektr tarmoqlarini ishdan chiqarish kuchiga ega

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Quyoshdagi bo'ronlarning Yerga ta'siri - Solar Flare Dangers

Quyoshda ro’y beradigan kuchli bo’ronlar bizga shimol yog’dusi kabi g’aroyib hodisalarni in’om etish bilan birga, elektr tarmoqlarini ham ishdan chiqarish kuchiga ega. Koinot iqlimini yaxshiroq bashorat qilish o’ta muhim.

Quyoshdagi chaqnashlardan Arktika osmoni jilovlanar ekan, yerning boshqa qismlari qorong’ilikka cho’mishi mumkin, deydi meteorolog Villiam Murta.

“2003-yilda ro’y bergan kuchli magnit bo’roni Shvetsiyaning Malmo shahrida elektr tarmoqlariga ziyon yetkazgan. Janubiy Afrikada esa transformatorlar ishdan chiqqan”.

Villiam Murta AQShning Kolorado shtatida koinot iqlimini bashorat qilish markazida ishlaydi. 40 ming kompaniya va hukumatlarga ma’lumot uzatib turadi. Odatda biz yuboradigan xabarnomada hech bir qiziq narsa topmaysiz, deydi olim. Lekin quyoshdan plazmalar otilib chiqishi bilan ogohlik darajasi oshadi.

“Magnit to’fonini kuzatish okeandan kelayotgan dovulni kuzatishdek gap. Vaziyatga qarab, odamlarni oldinroq ogohlantirish imkoni bo’ladi”, - deydi Murta.

Quyoshdagi portlashlar ta’siri Yerga taxminan bir kunda yetib keladi. Ammo bo’ron sayyoramizga yetishiga bir soat qolmaguncha meteorologlar uni aniq bashorat qila olmaydi.

“Bir-ikki kun oldin biz ogohlantirish yuborgan mijozlarimizga shunda to’liqroq ma’lumot beramiz. Bo’ron ta’siri kutilganidek, yoki kuchliloq, yoki xavotirga o’rin yo’q deb”, - deydi olim.

Shu kungacha kuzatilgan magnit bo’ronlari ta’siri bir kun, ikki kunda o’tib ketgan. Biroq olimlarni super-to’fon ehtimoli tashvishga soladi. Oxirgisi 1859-yilda ro’y bergan. Sun’iy yo’ldosh, internet bo’lmagan zamonlar…

“Bugungi infratuzilma nihoyatda murakkab. Super-to’fonga dosh bera oladimi? Shuni aniqlashimiz kerak”, - deydi Murta.

Aydaxo milliy laboratoriyasi xodimi Skott Makbrayd elektr tizimlarini himoya qilish yo’llarini izlaydi.

Odatda elektr tarmoqlari kichik to’fonlarga dosh bera oladi. Lekin super-bo’ron tizimni ishdan chiqarsa, uni ta’mirlash ancha qimmatga tushadi.

“O’ta yuqori voltli transformatorlarni ishlab chiqarish 1,5 yildan 2 yilgacha vaqt olishi mumkin. Shulardan birvarakayiga o’ntasi ishdan chiqsa, AQShda aholi olti oydan ikki yilgacha elektr tokisiz qoladi”, - deydi muhandis Skot Makbrayd.

Himoyalanishning bir yo’li – zaxiradagi transformatorlarni ko’paytirish. Boshqa bir yo’li ham bor deydi, Makbrayd.

“Elektr tarmog’ini o’chirib, uni quyosh bo’roni ta’siridan himoya qilsak bo’ladi. Lekin buning o’ziga yarasha ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari borki, rahbarlar bu qarorga kelishi juda qiyin”.

Jiddiy halokat ehtimoli past bo’lsa-da, Oq uy masalani o’rganish va tayyorgarlikni oshirish uchun maxsus guruh tuzgan.