Janubiy Koreya rahbari qo’shni davlat tahdidi oldida xalqni yakdillikka chorlamoqda

  • Amerika Ovozi

Ikki Koreya o’rtasida diplomatik aloqa yo’q. 1950-53-yillarda urush qilgan davlatlar otishmani to’xtatishga kelishib olgan va rasman hamon urush holatida.

Janubiy Koreya prezidenti Li Myan Bak millatni birdamlikka, Shimoliy Koreya xavfi oldida yakdillikka da’vat etmoqda.

Prezidentning yil yakunlariga bag’ishlangan bu galgi radio murojaati qat’iyati, keskinligi bilan ajralib turadi. Ikki davlat dengizda harbiy mashqlarga zo’r bermoqda.

Shimoliy Koreya ig’vo va agressiv xatti-harakatni bas qilmasa, javob qaytaramiz, deydi Janubiy Koreya rahbari Li Myan Bak.

Mojaroning hech kimga keragi yo’q, tinchlik istaymiz, deydi u. Biroq qo’rqish, chekinish bilan urushning oldini olib bo’lmaydi, deydi prezident.

Yillik murojaatida davlat rahbari xalqni birdamlikka chorladi.

“Millat sifatida omon qolishni istasak, birlashaylik. Tarqoq bo’lsak, dushman bizni yengishi oson bo’ladi”, - deydi Li Myan Bak.

Uning aytishicha, Shimoliy Koreya yer yuzidagi eng xatarli davlatdir.

23-noyabr kuni Janubiy Koreyaning Yonpyong oroli o’qqa tutilib, to’rt kishi, jumladan, ikki askar halok bo’lgan edi.

Prezident Li va uning ma’muriyati hujumga sust va kech javob qaytarganlikda ayblanib, tanqid ostida.

Shundan beri Janubiy Koreya bir necha harbiy mashg’ulotlar o’tkazdi, ayrimlarida ittifoqchi davlat – Qo’shma Shtatlar qurolli kuchlari ham qatnashdi.

Bu hafta ham shunday mashqlar rejalangan.

Shimoliy Koreya o’tgan oygi hujumni izohlar ekan, bu Janubiy Koreyaning provokatsion harbiy mashg’ulotlari, dengiz sarhadlari yaqinida olib borgan amaliyotlari uchun javob, degan.

Ikki Koreya o’rtasida diplomatik aloqa yo’q. 1950-53-yillarda urush qilgan davlatlar otishmani to’xtatishga kelishib olgan va rasman hamon urush holatida.