Janubiy Koreya prezidenti shimol rahbariga uchrashishni taklif qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Janubiy Koreya Prezidenti Pak Gven Xe matbuot anjumani paytida, Seul, 12-yanvar, 2015-yil

Janubiy Koreya Prezidenti Pak Gven Xe Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan shart qo'ymasdan uchrashishga tayyor ekanini bildirdi.

Pak xonim televideniye orqali uzatilgan matbuot anjumanida so'zlar ekan, bunday uchrashuv ikki davlat o'rtasidagi ziddiyatlarni yumshatishga hamda ikki davlatning birlashishiga hissa qo'shadi, dedi.

Shu maqsadlarda kim bilan uchrashish kerak bo'lsa, tayyorman, deydi u.

"Shimol bilan yuqori darajali uchrashuvda hech bir shartsiz qatnashish niyatim bor. Pxenyan ikkilanmasdan bu taklifni qabul qilishi kerak", - dedi Janubiy Koreya rahbari.

Pakning aytishicha, uchrashuv chog'ida tomonlar Shimoliy Koreya yadro dasturiga chek qo'yish haqida gaplashishi kerak.

Koreya 1950-yillardagi urushdan so'ng ikkiga bo'linganidan beri janub va shimol rahbarlari atigi ikki bor ko'rishgan. So'nggi marta marhum Kim Chen Ir 2007-yilda Janubiy Koreyaning ikki yil o'tib vafot etgan Prezidenti No Mu Xen bilan uchrashgan edi.