Sovet Ittifoqini saqlab qolish mumkinmidi?

  • Amerika Ovozi

Sovet Ittifoqini saqlab qolish mumkinmidi?

Shu kunlarda dunyo ahli 20 yil oldingi olamshumul voqealar, Sovet imperiyasi qulagan tarixiy kunlarni yodga olmodqa. Ittifoqni saqlab qolish mumkinmidi?

Amerikalik siyosatdonlar “yo’q” deya javob qiladi. Mixail Gorbachyov olg’a surgan islohotlar, shuningdek, tashqi siyosatda gap ko’p edi.

1985-yilda hokimiyatga kelgan Mixail Gorbachyov yangicha dunyoqarash va yoshroq avlod vakili edi.

AQShning Moskvadagi sobiq elchisi Tomas Pikering deydiki:

“Britaniya Bosh vazirasi Margaret Tetcherning Gorbachyov bilan uchrashuvidan so’ng aytgan bir gapi bor. Prezident Ronald Reyganga telefon qilib, “u bilan ishlasak bo’ladi” degan”.

Gorbachyov, deydi tahlilchilar, Sovet Ittifoqi dunyoda ta’sirini oshirish uchun harbiy qudratiga ortiq tanaya olmasligini bilardi. Mudofaa xarajatlarini kamaytirish vaqti yetgan edi.

Sovet Ittifoqini saqlab qolish mumkinmidi?

28 ming Sovet askarining boshini yegan Afg’oniston kampaniyasini oling. 1979-yilda boshlangan urushning oxiri ko’rinmayotgandi.

Gorbachyov qo’shinlarni Afg’onistondan olib chiqish qarori bilan mag’lubiyatni tan oldi hisob, deydi AQSh sobiq elchisi.

“AQSh uchun esa qissadan hissa shuki, diplomatik muammolarni doim ham qurol bilan hal qilib bo’lmaydi. Buni tan olish kerak”.

So’nggi Sovet soldati Afg’onistonni 1989-yilning fevralida tark etdi.

Mixail Gorbachyov olib borgan tashqi siyosat kommunistik tuzumdan to’ygan Sharqiy Yevropa mamlakatlarida ham katta o’zgarishlarga olib kelgan. 1988-yili Sovet Ittifoqi “Brejnev doktrinasi”dan voz kechishi e’lon qilindi. Ya’ni, Sharqiy blok ichki ishlarini o’zi erkin belgilash imkoniga ega bo’ldi.

Sovet Ittifoqini saqlab qolish mumkinmidi?

“Afg’onistondan keyin, Sharqiy Yevropada kommunizm g’oyalarini zo’rlab o’tkazish uchun yana armiyani safarbar etishga na xohish, na iroda qolgandi”, - deydi suhbatdosh.

Ichki ishlarga aralashmaslik siyosati natijasida 1989-yilning noyabrida Berlin devori quladi. AQSh diplomati Sharqiy Yevropadagi voqealarning aks-sadosi haqida shunday deydi:

“SSSR darvozalarini dunyoga ochgan tarixiy damlar. Bu, o’z navbatida, ittifoqdan ajralib, o’z yo’lidan borishga qaror qilgan 15 respublika vujudga kelishiga sabab bo’ldi”.

1990-yili Mixail Gorbachyov Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo’ladi. Oradan bir yil o’tib, prezident lavozimini topshiradi. Bir ma’noda, u o’z tashabbuslari qurboni, deydi ekspertlar.

Sovet Ittifoqini saqlab qolish mumkinmidi?

AQSh prezidentlariga maslahatchilik qilgan Brent Skovkroft deydiki, kommunistik imperiya barham topishi – bizga Gorbachyovdan qolgan meros.

“Gorbachyov o’rnida boshqa odam bo’lganida, deylik Brejnevga o’xshagan rahbar ostida Sovet Ittifoqi hali beri qulamagan bo’lardi. Gorbachyovning xizmati shunda. Jarayonni tezlashtirib berdi”.

Qizig’i shundaki, vatanida Gorbachyovni kommunizmga yakun yasagan arbob deb tanqid qilishadi. Lekin G’arbda u qahramon.