“SpaceX” xususiy fazo kompaniyasi yana bir ulkan muvaffaqiyatga erishdi. Dunyoning eng kuchli va eng katta raketasi deb atalayotgan “Falcon Heavy” fazoga uchdi. Qizig’i – uning bortida “Tesla” kompaniyasining ilk avtomobili – Roadster joylashgan. Elektromobil Yer va Mars orbitasida muallaq suzib yurishi kutilmoqda.
“Falcon Heavy” raketasi 6-fevral kuni Floridadagi Kennedi fazo markazidan samoga ko’tarildi.
Raketa dastlab oyga va Marsga odam tashish uchun mo’ljallanayotgani aytilgan edi. Kompaniya asoschisi Ilon Maskning aytishicha, undan chuqur fazoga ta’minot va jihozlar tashishda foydalaniladi.
“Missiya kutilganidek juda yaxshi o’tdi. Markazdagi raketadan tashqari, ikki yonidagi raketani yerga qayta qo’ndirganimizni ko’rdingiz. Hayotimda guvoh bo’lgan eng hayajonli narsa shu bo’ldi”, – dedi Mask.
“Roadster” elektromobilini yaratgan “Tesla” kompaniyasi ham Ilon Maskka tegishli. Mashina ruliga hatto skafandr kiygan haydovchi maketi o’rnatilgan. Avtomobil cheksiz fazoda uchib borar ekan, uning kabinasidan “Space Oddity” nomli mashhur qo’shiq sadolari yangrab turadi.