Din

Moda olami sportchi muslimalar uchun maxsus formalar taklif qilmoqda

  • Amerika Ovozi

"ResportOn" - hijob kiymaydigan sportchilarni ham o'ziga jalb etmoqda

Yaqinda sizga hijobli shtangachi haqida hikoya qilgan edik. Xalqaro Og’ir Atletika Federatsiyasi muslimalarga butun vujudini yopib turadigan sport formasi kiyishga ruxsat bergan. Bu o’zgarish ortida 35 yoshli amerikalik shtangachi Gulsum Abdulla turibdi. Qo’shni Kanadada moda olami yangi liboslar tanishtirmoqda.

Moda olami sportchi muslimalar uchun maxsus formalar taklif qilmoqda

17 yoshli Zaynab Hammud taekvando bilan shug’ullanadi. Qora belbog’li bo’lish harakatida. Olimpiya o’yinlarida vatani Kanada sha’nini himoya qilish niyatida.

Lekin to’rt yil oldin umidini boy berishiga sal qolgan edi. Mahalliy taekvando uyushmasi u va uning safdoshlarini musobaqadan chiqarib yubordi. Sabab – ularning hijobda ekani. Xavfsizlik nuqtai nazaridan ma’qul emas, deyishdi.

"Juda xafa bo’ldim. Chunki rosa tayyorlangandim bu musobaqaga. Boshimdagi ro’molim uchun meni haydashgani ruhan, ma’nan qattiq ta’sir qildi",- deydi Zaynab.

Bu haqdagi xabar dunyo bo’ylab norozilikka sabab bo’ldi. Huquq himoyachilari va sport ishqibozlari yordamga keldi.

Moda olami sportchi muslimalar uchun maxsus formalar taklif qilmoqda

"Har bir shaxs, uning dini nima bo’lishidan qat’iy nazar, jamiyatda teng huquq va imkoniyatga ega bo’lishi kerak. Sport axir odamlarni birlashtiradi",- deydi Ilhom Javod, dizayner.

U o’sha paytda hali talaba edi. Diplom ishini muslima sportchilar kiyimiga bag'ishladi.

"Taekvandochilar o’zi maxsus bosh kiyim kiyadi. Muslimalarga uning ostida ham sochini o’rashga ruxsat berishmagani nazarimda g’irt ahmoqlik edi. Professorimga o’z g’oyalarimni aytsam, boshida unga ma’qullamadi. Kimga kerak, dedi. Men biror yangi narsa yaratish mumkin deb izlanaverdim",- deydi dizayner.

Ilhom Javod Rana va Zaynab Hammud, opa-singil taekvandochilar bilan mashg’ulotlarga qatnay boshladi. Yana bir moda ustasi Latifa Bukenda ham ularga qo’shildi.

“Dizaynerman. Yangi narsa ixtiro qilish – ishim",- deydi Bukenda.

Moda olami sportchi muslimalar uchun maxsus formalar taklif qilmoqda

"Moda sohasi egalari keng fikrlaydigan odamlar. Moda o’zi chegara tanlamaydi. Shunday kiyim ishlab chiqaylikki, muslimalarga hech kim yo’q demasin, hatto sport maydonida ham".

Bir necha oylik izlanish va mehnat samarasi o’laroq yengil va cho’ziluvchan, tez quriydigan gazlamadan yangi bir libos yaratildi.

Uni “ResportOn” deb nomlashdi.

Hatto hijobsiz yuradiganlar ham uni jon deb kiya boshlagan.

"Menga juda yoqadi. Sochingizni tinimsiz to’g’rilayvermay, bu libosni kiyasiz-da, maza qilib sport bilan shug’ullanasiz. Har tomonlama qulay. Bizga mos kiyim",- deydi Rana Hammud, odatda ochiq yuradigan taekvandochi.

Moda olami sportchi muslimalar uchun maxsus formalar taklif qilmoqda

Dizaynerlar bu libosni ko’z-ko’z qilar ekan, unga talab oshar ekan, Jahon Taekvando Federatsiyasi ham muslima sportchilar uchun shartlarni yangiladi. Endi ular boshini o’rashi mumkin.

Avval musobaqalardan chiqarib yuborilgan ayollar uchun maydon endi ochiq. Niyat xolis bo'lsa, u amalga oshar ekan, deydi dizayner Ilhom Javod.

"Taekvando ishqiboziman. Muslima qizlarning katta bellashuvlarda qarsaklar bilan kutib olinayotganini ko’rish men uchun baxt. Mehnatim zoye ketmadi, bu xotin-qizlar endi teng huquqli sportchilar",- deydi u.

Ilhom Javod boshlagan loyiha bugun katta biznesga aylangan. Sarmoyachilar ko’p. Eng yirigi bilan shartnoma tuzilib, bugun “ResportOn” katta hajmda ishlab chiqarilmoqda. Bu yildan boshlab bu kiyim jahon rastalariga chiqdi. Bugunga kelib mahsulotga talab yanada oshgan.

"Tunu kun telefon qilishadi, internetda bog’lanib, bu kiyim haqida so’rashadi, uni sotishga qiziqqan bizneslar, kiyishni istagan sportchilar… Ishimdan roziman".

Qizig’i shundaki, hozir muslima sportchilar uchun kiyim-kechak taklif qilayotganlar ham ko’paygan. Bozorda o’ziga yarasha raqobat bor. Dizaynerlar yangi to’plamlar tanishtirmoqda. Talab shu, deydi ular, eng yaxshi mahsulot sizniki bo’lishi kerak.