Ukraina hukumati referendumga ko'ndimi?

  • Amerika Ovozi

Donetksda hukumat binosiga kirib olgan odamlar mustaqil respublika e'lon qildi. 10-aprel, 2014-yil.

Ukraina sharqidagi ikki shaharda hukumat binolarini egallab olgan namoyishchilar bugun qurolini Kiyevga topshiradigan kun edi. Vaqtli rahbariyat Rossiyaga xayrixoh bu kuchlarga bugunga qadar muhlat bergan.

Isyonchilar esa taslim bo'ladigan emas. Shunday ekan, vaqtli rahbarlar murosa taklif qilayapti. Xususan, Bosh vazir Arseniy Yatsenyuk konstitutsiyaga tuzatish kiritib, qonunlarni o'zgartirishga rozi - shunda gubernator va boshqa mahalliy boshqaruv organlariga odam markaziy hukumatdan tayinlanmaydi. Bundan tashqari, viloyatlarda referendumlar o'tkaziladi.

Lugansk va Donetsk shaharlarida qurollangan kishilar hafta boshida davlat idoralariga bostirib kirib, Ukrainadan ajralib chiqishni talab qilgan. Ular Qrimda bo’lgani kabi referendum o’tkazilishi kerak, deydi.

Qurolini o’zi xohlab topshirgan odamlarga hukumat amnistiya va’da qilayapti. Lekin binolarni bugunoq bo’shatmagan guruhlarga qarshi kuch qo’llanishi aytiladi.

Yatsenyuk bugun Donetskda mahalliy rasmiylar bilan ko’rishib olgan. U ziddiyat tinch yo’l bilan hal qilinishidan umidvor.

“Biz barcha viloyatlar va fuqarolarning xohishini inobatga olishga tayyormiz. Regionlardan tushgan hamma shikoyat va arizalarni ko’rib chiqamiz”, - deydi Yatsenyuk.

Muvaqqat rahbarlar haqiqatan kuch ishlatadimi-yo’qmi, aniq aytish qiyin, deydi kuzatuvchilar.

Donetskka qo'shni Luganskda xavfsizlik xizmati binosi qamal holati.


Luganskdagi guvohlar deydiki, huquq-tartibot xodimlari faollarni haydashga uringanida qattiq to’polon boshlanib ketgan.

So’rovlarga ko’ra, Ukraina sharqida aksariyat aholi Rossiyaga qo’shilish fikriga qarshi. Bu orada, Moskva Ukraina sharqiga qo’shin kiritmoqchi, degan xavotirlar bor.

NATOning kecha havola qilgan suratlarida Ukraina chegarasida 40 ming rus askari, tanklar va samolyotlarni ko’rish mumkin.

Rossiya esa qo’shin kiritmoqchi emasmiz, deya ishontiradi.

Qo’shma Shtatlar va ittifoqchi davlatlar Rossiyaning qo’shimcha agressiyasini sanksiya bilan jazolashini aytib ogohlantirmoqda.