AQSh Davlat departamentiga ko'ra, o'zini "Islomiy davlat" deb ataydigan jangari guruhning ijtimoiy tarmoqlarda targ'iboti keskin kamaygan.
Davlat kotibining xalq diplomatiyasi bo'yicha muovini Richard Stengelning "Amerika Ovozi" bilan suhbatda aytishicha, guruh internetda avvalgidek faol emas. Jihodchilarning yovuzligini, vahshiyligini qoralayotgan izoh-postlar esa ko'payib bormoqda.
"Islomiy davlat" o'z mafkurasini yoyishda va a'zo yollashda ijtimoiy tarmoqlardan ustalik bilan foydalanib kelgan. Asirlarning kallasi olingan yoki o't qo'yilgan suratlarini ko'pchilik ko'rgan bo'lsa-da, guruh mafkurasi va oyatlar talqini bitilgan minglab yozuvlar haqida ayrimlar xabardor bo'lmasligi mumkin.
AQSh va boshqa davlatlar ekstremistik propaganda oqimini to'xtata olgani yo'q, deydi tanqidchilar. "Nyu York Tayms" gazetasi iyun oyidagi maqolasida targ'ibotda "Islomiy davlat"ning qo'li baland kelayapti, deya Davlat departamenti tayyorlagan ichki hisobotdan raqamlar keltirgan edi.
Richard Stengel bunga javoban deydiki, jihodchilarga qarshi kampaniyaning katta qismi arab tilida olib boriladi.
"95 foizi arab tilida. Kongressdagi tanqidchilar bundan bexabar. Faqat ingliz tilidagi yozuvlarga qarab baho berishyapti", - deydi diplomat.
Informatsion kampaniya
Richard Stengel Davlat departamenti qoshidagi Aksilterror strategik aloqa markazini boshqaradi. Ilgari al-Qoida bilan informatsion kurashga yo'naltirilgan bu idora hozirda faqat "Islomiy davlat" bilan shug'ullanadi.
Lekin, deydi diplomat, bu faqatgina Amerikaning tashabbusi emas, balki butun musulmon dunyosi "Islomiy davlat"ga qarshi chiqmoqda.
Aksilterror strategik aloqa markazining tarmoqlaridan biri Abu Dabida joylashgan bo'lib, "Savob" markazi deb ataladi. AQSh va Birlashgan Arab Amirliklarining qo'shma informatsion loyihasi Yaqin Sharq bo'ylab mo'tadil qarashlarni va tolerantlikni yoyishga qaratilgan.
O'xshash markazlar Iordaniya va Misrda ham faoliyat yuritadi. Yangilarining ochilishi Nyu-Yorkda BMT yig'ilishida e'lon qilinadi.
Samarasi bormi?
Bu loyihalar samarasi aksil-jihod kampaniyasini ijtimoiy tarmoqlarda qancha odam kuzatayotgani, o'qib borayotgani bilan o'lchash mumkin. Maqsad - imkon boricha kattaroq auditoriya e'tiborini jalb etish.
Kelasi hafta BMT Bosh Assambleyasi majlislari o'tayotgan bir paytda "Savob" markazi yangi kampaniya boshlaydi. Video-roliklarda Iroq va Suriyadan qaytgan, "Islomiy davlat"ni tark etgan erkak va ayollar ko'rgan-bilganlarini so'zlab beradi. "Xalifat - bu bir afsona. Meni u yerda xo'rlashdi. Ular dindor emas, ularga boylik va hokimiyat kerak", deydi yoshlardan biri.
Richard Stengelga ko'ra, informatsion kampaniya bilangina guruh safiga qo'shilayotganlarni to'xtatib bo'lmaydi.
Gap shundaki, "Islomiy davlat"ning odam yollash strategiyasi puxta ishlangan bo'lib, elektron pochta va telefon, ya'ni shaxsiy aloqani o'z ichiga oladi. Bu jabhada kurashni kuchaytirish esa razvedka va huquq-tartibot idoralarining ishi.
Richard Stengel bilan suhbat, ingliz tilida:
"Savob" markazi ochilishi haqidagi video: