O`zbekistonlik Rahmat Oqilov Stokgolmdagi qonli hujumni amalga oshirganini tan olgan. Sud tergov jarayoni tugaguncha Oqilovni hibsda qoldirish haqida qaror chiqargan.
7-aprel kuni Shvetsiya poytaxtida yuk mashinasi odamlar ustiga haydalishi oqibatida 4 kishi qurbon bo`lgan, 15 dan ortiq odam jarahotlangan edi. Shvetsiya hukumati bu hujumni terror amaliyoti sifatida baholadi. Voqea ortidan hibsga olingan Rahmat Oqilov “Islomiy davlat” guruhi tarafdorlaridan biri sifatida ko`rilmoqda.
Shvetsiya sudi Stokgolmdagi terror hujumida ayblanayotgan o`zbekistonlik Rahmat Oqilov ishini ko`rishni boshlagan. 11-aprel kuni o`tgan dastlabki tinglovda Oqilov o`z aybiga iqror bo`lgan va tegov davomida uni hibsda ushlab turish haqida qaror chiqarilgan.
Asli samarqandlik bo`lgan Rahmat Oqilov 2014-yildan buyon Shvetsiyada yashagan. Siyosiy boshpana so`rab qilgan murojaatiga 2016-yilda rad javobi berilgan. Shvetsiyani tark etishi talab qilingandan so`ng politsiyadan yashirinib yurgani aytiladi.
Shvetsiyada yashayotgan o`zbek jurnalisti Qudrat Bobojonga ko`ra, suddan avval Oqilov advokat o`zgartirilishini talab qilgan.
“Oqilov suddan menga sunniy mazhabidan bo`lgan musulmon advokat beringlar, deb talab qilgan, lekin uning bu talabi rad qilingan. Ya'ni Oqilov o`z aybini tan olgani bilan, sudda nimalarnidir isbotlashga harakat qilmoqchidek”, - deydi u.
Stokgolmda sodir etilgan qonli hujum oqibatida 4 kishi halok bo`ldi, 15 odam turli darajada jarohatlandi.
Mamlakatda terror hujumi qurbonlari bilan vidolashuv marosimlari o`tmoqda. Hujum nafaqat Shvetsiyani, balki bu mamlakatda yashayotgan minglab o`zbekistonliklarni ham larzaga solgan.
Qudrat Bobojonning aytishicha, bu o'lkada yashovchi o`zbekistonliklar soni 50-100 ming kishi atrofida. Jamoa hujumni o`zbeklar vakili amalga oshirganidan larzaga tushgan.
“Shvetsiyadagi o`zbeklar jamoasi 50-100 ming atrofida, ammo bu aniq statistik ma`lumotlar emas. Ular bu hujum ortidan turlicha xavotirlarni his qilishayapti. Ayrimlar muhojirlarga nisbatan munosabat o`zgarishidan xavotirda, boshqalar esa Oqilovdan g`azabda. Hatto o`zbekligidan pushaymon bo`layotganlar ham bor. Matbuotda tinimsiz takrorlanayapti. 39 yoshli o`zbekistonlik terrorchi yoki o`zbek terrorchisi deb, go`yo o`zbek va terror tushunchasi hamohangdek. Shu ma`noda o`zbekligidan pushaymonlik izhor qilganlarni ham tushunish mumkindir ”, - deydi jurnalist.
Shvetsiyada yashayotgan yana bir o`zbekistonlik jurnalist Natalya Busheyevga ko`ra, xuruj Yevropada yashayotgan o`zbekistonliklarni dahshatga solgan, ayniqsa, ular orasida diniy ta'qiblardan qochib Yevropadan qo`nim topgan o`zbekistonliklar ko`pligi inobatga olinsa.
“Nazarimda, vaziyat Yevropadagi minglab o`zbekistonliklarni alohida yig`ilib, terrorga nisbatan o`zlarining keskin bir munosabatlarini bildirishni talab etayatgendek. Ya'ni o`zbeklar va terror atamasi yonma-yon turmasligi uchun, qolaversa, so`nggi qonli voqealarning ruhiyatda qoldirgan asoratlaridan xalos bo`lish uchun ham”, - degan fikrda jurnalist.
Oxirgi ma`lumotlarga ko`ra, Shvetsiya huquq-tartibot organlari Rahmat Oqilov bilan bog`liq jinoiy ishga aloqadorlik gumoni bilan yana bir nechta kishini hibsga olgan. Gumondor sifatida ushlab turilgan bu fuqarolar ham o`zbekistonliklar ekani aytilmoqda.
“Avval Oqilov bilan qo`shib hisoblaganda uchta o`zbek ushlangani haqida gap borayotgan edi, ammo yaqinda yana bir kishi qidiruvga berilgani, u ham o`zbekistonlik ekani haqida ma`lumot paydo bo`ldi. Oqilovning o`zi asli samarqandlik, biz avval uning to`rt farzandi O`zbekistonda qolgan deb biroz yanglish ma`lumot bergan ekanmiz. Hozir aniqlanishicha, uning oilasi Turkiyada yoki Suriyada qolgan”, - deydi Qudrat Bobojon.
Shvetsiya matbuoti Rahmat Oqilov sodir etgan terrorchilik amaliyoti tafsilotlarini muntazam yoritib bormoqda. Bu chiqishlar O`zbekistondagi siyosiy vaziyatni, mamlakatda dindorlarga nisbatan muttasil qiynoqlar, repressiyalar qo`llab kelinganini chetlab o`tayotgani yo`q.
O`zbekiston hukumati hozircha Stokgolmdagi terrorni amalga oshirgan Rahmat Oqilovga doir biror bayonot bergani yo`q.