Suriyadagi havo hujumi 44 kishini hayotdan olib ketdi

  • Amerika Ovozi

Idlib, Suriya

Suriya shimoli-g’arbida muxolifat nazorat qiladigan ikki shahar havodan bombardimon qilinib, 44 kishi halok bo’lgan. AQSh nazarida hujumlarni hukumat kuchlari amalga oshirgan bo’lishi mumkin.

Britaniyada joylashgan huquq markazi ma’lumotiga qaraganda, seshanba kuni Suriya samolyotlari Marat al-Numan shahridagi bozorni o’qqa tutgan. Qo’shni Kafranbel shahriga ham bombalar yog’ildi.

Port shahar Latakiya atrofida dushanbadan beri janglar tinmayapti. Prezident Bashar al-Assadni quvvatlovchi alaviylar, asosan, shu shaharda yashaydi.

Ikki oydan beri amal qilayotgan sulh kuchini yo’qotayotgani ko’zga tashlanadi. Kecha asosiy muxolif guruhlardan biri BMT vositachilik qilayotgan tinchlik muzokaralarini tark etdi.

“Muloqotni davom ettirishga tayyormiz, lekin avvalo qonli to’qnashuvlarni to’xtatish kerak”, - deydi oppozitsiya so’zlovchisi Salim al-Muslat.

“Biz Yevropada siyosiy yechim haqida gaplashayotgan bir paytda ayollarimizni, bolalarimizni Assad o’z qamoqxonalarida saqlayapti. Farzandlarimiz har kuni ochlikdan halok bo’layapti”, - deydi u.

AQSh rasmiylari hamda BMT muzokarachisi Staffan de Misturaning qayd etishicha, Suriyada so’nggi kunlarda janglar avj olgani rost, ammo aksar hududlarda sulh ish berayapti.