Suriyada Baas partiyasi va armiya orasida prezident Bashar al-Assadga nisbatan qarshilik kuchaygan. Qo’zg’olonlar shafqatsiz bostirilayotganidan norozi yuzlab arboblar partiyani tark etgan.
Kecha prezident Assad namoyishlar o’chog’i Deraa shahriga og’ir artilleriya, qo’shin yuborib, isyonni bosgan. Bunga qarshilar, Baas partiyasining kamida 228 a’zosi ishdan ketgan.
Ularning aytishicha, askarlar xalqqa, masjudu cherkovlarga qarata o’t ochmoqda.
Suriyada Baasga millionlab odam a’zo, shu bois bir necha kishining iste’fosi 11 yillik rahbar Assadga hech narsa emas. Bu qaror ramziy ma’no kasb etsa-da, avtoritar rahbar mutlaq hukmron davlat uchun kutilmagan hol.
Olishuv qonli tus olgani sari, talofatlar 500 kishidan oshar ekan, qurolli kuchlar safida beqarorlik kuzatilmoqda. Bugun o’nlab tanklar Deraaga kirib borgan. Shahar politsiya hukmida, ko’chalarda oddiy odamlar deyarli ko’rinmaydi. Poytaxt Damashq tevaragida ham askarlar ko’p.
Suriyaning ittifoqchisi Turkiya bugun qo’shni yurtga elchi jo’natib, murosaga chaqirmoqda. Rasmiy Damashq izohicha, harbiy choradan maqsad aholini himoya qilish.
Kecha BMT Xavfsizlik Kengashi Suriyaga qarshi bayonotni muhokama qilgan edi. Kengash doimiy a’zolari, veto huquqiga ega Rossiya va Xitoy e’tirozi bois hujjat o’tmagan.
Bayonotda qotillik, hibsga olish va qiynoqlarni qoralash, siyosiy mahbuslarni ozod qilish, xorij matbuotiga qarshi cheklovni bas qilish haqida so’z boradi. Chet el muxbirlari haydalgani sababli Suriyadagi vaziyat haqida aniq xulosa qilish qiyin.
Rossiya vakili Aleksandr Pankin fikricha, Suriyaga chetdan bosim o’tkazish orqali, vaziyatni yanada chigal qilish mumkin. Rasmiy Damashq Moskva madadidan mamnun.
Suriyaning BMTdagi elchisi Bashar Ja’fariy, xolis va adolatli davlatlar, xususan Rossiya va Xitoy xato bir qadamning oldini olib qolgan, deb hisoblaydi.
Suriya ishlariga aralashmaylik deb kelayotgan Rossiya kecha Assad ma’muriyatiga murojaat qilgan. “Aholiga jabr qilgan kishilar jazosini topsin”, - deydi Rossiya rasmiylari.
Qo’shma Shtatlar esa prezident Assadni zo’ravonlikni, odamlarni asossiz qamoqqa olishlarni bas qilishga chaqiradi, deydi AQShning BMT dagi elchisi Syuzan Rays.
Masala ertaga BMT Inson huquqlari kengashida, maxsus sessiya chog’ida takroran ko’riladi.
Fransiya, Britaniya, Germaniya, Italiya va Ispaniya esa Suriya elchilarini chaqirib, o’smoqchilagan. Yevropa shuningdek, Assad ma’muriyatini iqtisodiy chora bilan jazolashi mumkin.