Ayrim davlatlar Suriyadagi zo'ravonliklarga norozilik ramzi sifatida mamlakatdan elchilarini chaqirib olar ekan, Misr ham shunday ish tutgan. So'nggi kunlarda Britaniya, Fransiya, Shveysariya, Gollandiya va bir necha arab davlatlarining elchilari Suriyani tark etgan.
Bu o'rtada inson huquqlari faollariga ko'ra, poytaxt Damashqda xavfsizlik kuchlari dafn marosimida ishtirok etayotgan namoyishchilarni o'qqa tutib, bir kishini o'ldirgan. Shaharning boshqa joylarida va Aleppoda ham Bashar al-Assad rejimiga qarshi namoyishlar kuzatilgan.
Mamlakatga tashrif buyurayotgan Xitoy Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Jay Jun barcha tomonlarni zo'ravonliklarni bas qilishga chaqirib, yangi konstitutsiya bo'yicha referendum rejasini olqishlagan. Prezident Assad bilan uchrashuvdan so'ng Xitoy rasmiysi 26-fevralga belgilangan referendum tinch o'tishiga umid bildirgan.
Suriya muxolifati Assad hukumati bilan muloqotdan voz kechib, prezidentdan hokimiyatni o'rinbosariga topshirishni, muxolifat ishtirokida yangi hukumat tuzib, prezident saylovlari o'tkazishni talab qilmoqda. Hukumat muxolifat talablarini inkor etgan.