Breaking News

"Suriya do'stlari" Assad rejimidan qutulishga harakat qilmoqda, Rossiya va Xitoy qarshi


"Suriya do'stlari" Assad rejimidan qutulishga harakat qilmoqda, Rossiya va Xitoy qarshi
"Suriya do'stlari" Assad rejimidan qutulishga harakat qilmoqda, Rossiya va Xitoy qarshi

Suriya prezidenti Bashar al-Assad hokimiyatiga qarshi davlatlar tashqi ishlar vazirlari juma kuni Tunisda majlis qiladi. Xalqaro hamjamiyatni rasmiy Damashqqa bosimni kuchaytirishga undash yo'llari muhokama etiladi. Guruh "Suriya do'stlari" deb ataladi.

Hukumat kuchlari Hims shahriga uch haftadan beri o'q yog'dirar ekan, dunyo davlatlari zo'ravonlikni to'xtatishga ojizlik qilmoqda.

Ayrimlar BMT Xavfsizlik Kengashida Suriyaga doir rezolyutsiya loyihasiga veto qo'ygan Rossiya va Xitoyni ayblaydi.

Avstraliya Tashqi ishlar vaziri Kevin Radning aytishicha, loyiha matni mo'tadil bo'lishiga qaramay, qabul qilinmadi.

"Suriya do'stlari" guruhi prezident Assadni hokimiyatdan ketishga chaqirmoqda. Ammo Rossiya va Xitoy bunga qarshi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, hamkor davlatlar sanksiyalarni kuchaytirishga, xalqaro hamjamiyatni Assad rejimi harakatlarini qoralashga ko'ndirishga, Suriya muxolifati bilan aloqani oshirishga harakat qiladi.

Bashar al-Assad hokimiyatiga qarshi chiqayotgan bir necha guruh bor. Ayrimlari Suriyada, qolganlari mamlakat tashqarisida. Biroq muxolifat orasida yakdillik, birlik yo'q.

Tunis Bosh vaziri Hammadi Jebaliyning aytishicha, muxolifat birlashsa, uni yangi hukumat sifatida qabul qilish mumkin.

"Suriya muxolifati va isyonchilarini bir joyga to'play oladigan guruh bilan ishlashni istaymiz. Buning iloji bo'lmasa, ularning orasidan eng nufuzlisi bilan hamkorlik qilamiz", - deydi Tunis bosh vaziri.

Yaqin Sharq bo'yicha tahlilchi Stiv Xeydemanning aytishicha, "Suriya do'stlari" majlisi shundan dalolatki, Arab Ligasi va hamkor davlatlar Rossiya va Xitoy vetosidan so'ng tushkunlikka tushgani yo'q.

"Suriya muxolifatini qo'llab-quvvatlash, harakatlarini muvofiqlashtirish uchun guruh aniq reja ustida ishlamoqda. Muxolifatning Ozod Suriya armiyasi kabi qurolli qismlarini tayyorlash va jihozlashga zamin yaratilmoqda", - deydi ekspert.

Ba'zilar muxolifatni qurollantirishga chaqirmoqda. Qo'shma Shtatlar shu kungacha bunga qarshi edi.

Davlat departamenti matbuot kotibi Viktoriya Nulandning aytishicha, mojaroni siyosiy yo'l bilan hal etish maqsadga muvofiq, ammo prezident Assad diplomatik bosimga yon bermasa, Qo'shma Shtatlar boshqa choralarni ko'rib chiqishga majbur bo'ladi.

Xitoy nazarida esa Suriyada fuqarolik urushiga, qurolli to'qnashuvga yo'l qo'ymaslik kerak.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Xon Leyning aytishicha, rasmiy Pekin zo'ravonliklarni to'xtatib, aholini himoya qilish, unga gumanitar yordam ko'rsatish va chetdan harbiy aralashuvning oldini olishga qaratilgan har qanday rejani qo'llab-quvvatlaydi.

Rossiya ham mojaroni tinch yo'l bilan hal etish tarafdori. Bu davlat Tashqi ishlar vazirligi aholiga gumanitar yordam yetkazish maqsadida Suriyada harbiy amaliyotlarni kuniga ikki soatga to'xtatish haqidagi Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasi tashabbusini yoqlamoqda.

Biroq Rossiya Tunisdagi "Suriya do'stlari" majlisida qatnashmoqchi emas. Sabab, deydi Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Aleksandr Lukashevich, mojarodagi tomonlarning barchasi ham unda bo'lmaydi.

"Muxolifatni chaqirishgan, ammo Suriya hukumati taklif etilmagan. Bu esa aholining hukumatni qo'llab-quvvatlovchi qismi manfaatlari yerda qoldirildi degani", - deydi Lukashevich.

Uning aytishicha, tarafkashlikka yo'l qo'yib bo'lmaydi.

"Jahon hamjamiyati butun Suriya xalqiga do'st bo'lishi kerak, faqat bir qismiga emas", - deydi Rossiya rasmiysi.

Bugun olingan xabarlarga ko'ra, Hims shahridagi otishmalarda kamida 15 odam o'lgan, jumladan Britaniyaning "Sunday Times" gazetasida ishlovchi amerikalik jurnalist va fransiyalik fotomuxbir.

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Alan Juppe voqeani qotillik deb atadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG