AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton deydiki, Suriya prezidenti Bashar al-Assad o'z xalqining qonini to'kayotgani uchun javob beradi. “Suriyaning do’stlari” - AQSh, Yevropa Ittifoqi va Arab Ligasi - Tunisda majlis qilib, minglab odamning yostig'ini quritgan mojaroga yechim qidirmoqda.
Konferensiyada 70 dan ziyod davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashyapti. Talab shuki, Bashar al-Assad ma’muriyati zudlik bilan tinch aholiga qarshi hujumlarni bas qilsin, mamlakatga gumanitar yordam yetkazilsin.
O’zlarini “Suriyaning do’stlari” deb atayotgan anjuman ishtirokchilari deklaratsiya qabul qiladi. Sulh e’lon qilib, kelasi 48 soat ichida aholiga oziq-ovqat va dori-darmon yetkazish – undagi bosh talablardan biri.
Hukumatga qarshi namoyishlar o’chog’i – Suriyaning Hims shahri fojiali bir ahvolda, deydi guvohlar. Armiya uch haftadan beri bombardimon qilayotgan bu shahar yer bilan yakson bo’lgan. Yegulik, suv va dori havodek zarur.Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasi bugun shahardan yetti kishini evakuatsiya qilgan.
Tunisdagi anjumanda Bashar al-Assad hukumatiga qarshi qabul qilingan sanksiyalarni to’la tatbiq etish, xususan moliyaviy cheklovlarni kengaytirish va Suriya neftidan voz kechish haqida muhokama ketmoqda.
BMT Xavfsizlik Kengashining ikki doimiy a’zosi – Rossiya va Xitoy vakillarini yubormagan. Ular nazarida, Suriyada bo’layotgan voqealar “ichki mojaro” va xalqaro hamjamiyat aralashuviga hojat yo’q.
Deyarli bir yildan beri Assad tuzumiga qarshi kurashayotgan isyonchilar xalqaro hamjamiyatdan qurol-yarog’ so’rab keladi, biroq bu borada yakdillik yo’q.
Kecha Suriya bo’ylab zo’ravonliklarda yana 40 kishi halok bo’lgan. O’tgan yildan buyon 7 mingdan oshiq odam nobud bo’lgani taxmin qilinadi.
Suriya davlat televideniyesi Tunisdagi majlisni qoralab, uning ishtirokchilari “xalqimizning do’sti emas, azaliy dushmanlari” deya tasvirlagan.