Suriyadagi urushni to’xtatishga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlar natija bermayapti. Prezident Assad kuchlari hamda muxolifat o’rtasida qonli janglar davom etmoqda. Isyonchilar safida xorijliklarning ham borligi vaziyatni yanada chigallashtirmoqda.
Suriyadagi ixtilof to’rtinchi yilga o’tdi. BMT ma’lumotiga ko’ra, shu kungacha mamlakatda 100 mingdan ortiq odam halok bo’lgan. Assad rejimi muxolifatni kuch bilan yo’q qilishga urinayotgan bir paytda, isyonchilar mahalliy aholi va xorijlik jangarilar madadiga suyanib, qarshi hujumga o’tmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Yaqin Sharq instituti tahlilchisi hamda Jons Xopkins nomidagi Xalqaro munosabatlar maktabi professori Daniel Serverning aytishicha, Suriyadagi isyonchilar safiga turli mamlakatlardan ko’ngillilar kelib qo’shilmqoda.
“Ular, asosan, Yaqin Sharqdan. Lekin Yevropadan, hatto AQShdan ham odamlar bor. Pokistondan ham kelishyapti. Muammo jiddiy”, - deydi tadqiqotchi.
Ushbu xorijlik jangarilar inson huquqlarini poymol etgani uchun Vashingtonning keskin tanqidiga uchragan Assad rejimiga qarshi kurashayotgan bo’lsa-da, AQSh bu radikal guruhlardan xavotirda, deydi Server.
“Suriya yoki uning bir qismi ekstremistlar ko’payishi uchun qulay joyga aylanishi xavfi bor. Kelajakda ular AQShning o’ziga qarshi hujum uyushtirishda bu hududdan foydalanishi mumkin. Yaman, Pokiston va Afg’onistonda shunday bo’ldi”, - deydi u.
Kuzatuvchilarning fikricha, ko’plab suriyaliklarning muxolifat safiga qo’shilishdan o’zini tortayotganiga jangarilar orasida xorijliklarning ko’pligi sabab bo’lmoqda. Muxolif guruhlar orasidagi bo’linish esa Assad rejimi foydasiga xizmat qilmoqda, deydi Vashingtondagi Yangi Amerika jamg’armasi tahlilchisi Leyla Hilal.
“Assad hukumatiga qarshi kurashayotgan muxolifat orasida bo’linish kuchayib bormoqda. 5000 ortiq mustaqil brigadalar bor. Muxolif guruhlarni birlashtirmay turib muvaffaqiyatli natijaga erishish mushkul”, - deydi u.
Assad rejimi va muxolifat o’rtasida olib borilgan tinchlik muzokaralari ijobiy natija bermadi. Hilalga ko’ra, Ukrainada boshlangan inqiroz Suriya muammosiga diplomatik yechim topish umidini yanada kamaytirib yubordi.
“Qrimdagi vaziyat Suriya mojarosiga diplomatik yechim topish bo’yicha AQSh va Rossiya o’rtasidagi hamkorlikka salbiy ta’sir ko’rsatdi”, - deydi Hilal.
Suriya inqirozi bois 2,5 milliondan ortiq aholi mamlakatdan bosh olib ketishga majbur bo’ldi. Kuzatuvchilarning ogohlantirishicha, diplomatik yechim topish imkoniyati qanchalik kechiksa, mamlakatdagi gumanitar inqiroz shunchalik chuqurlashib boradi.