Hizbulloh Suriyada Isroilga qarshi urushga tayyorlanyaptimi?

  • Amerika Ovozi

Hizbulloh jangchilari

Hizbulloh guruhi Suriyada Prezident Bashar al-Assad tomonida kurasha boshlaganida Isroil harbiy mutaxassislari shia guruhi urushga o’ralashib qolyapti, deya bu holni ijobiy baholagan edi. Ammo bugungi xavotir shuki, Hizbulloh jang maydonida jiddiy tajriba orttirayapti - bu tajriba Isroilga qarshi ishlatilishi mumkin.

“Ma’lum ma’noda, Suriyada biz Isroil bilan urushga tayyorgarlik ko’ryapmiz”, - deya e’tirof etdi yaqinda “Amerika Ovozi”ga Hizbullohning bir qo’mondoni.

AQShning Tel-Avivdagi sobiq attashesi Jon Kapelloning aytishicha, urushda orttirilgan tajribaga hech narsa yetmaydi. “NATO tashkiloti o’tkazadigan harbiy mashqlarini haqiqiy janglarga o’xshatishga shuncha intilsa-da, ularda kutilmagan vaziyatlarda nima qilish o’rgatilmaydi. Haqiqiy jang maydonida bo’lish boshqacha”, - deydi u.

Yangi malaka

Isroilning azaliy dushmani - Hizbulloh Suriyada hukumat tarafida kurashayotgan asosiy kuchlardan biri.

“Hizbulloh qo’mondonlari kuchlarni boshqarish va turli guruhlarni jang maydonida birlashtirish hamda Isroil bilan 2006-yilgi urushda orttirilgan tajribani mustahkamlash masalasida malakasini oshirdi”, - deydi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazidan Aram Nerguzyan.

Guruh Eron hamda Afg’oniston, Pokiston va boshqa o’lkalardan Suriyaga kelgan shia jangarilari bilan yelkama-yelka kurashmoqda. Shuningdek, Rossiyaning Suriyadagi harbiylari bilan havodan hujumlar uyushtirish, razvedka ma’lumotlarini to’plash va almashish hamda razvedka masalalarida hamkorlik qildi.

“Hizbulloh ilg’or harbiy texnologiyalardan foydalanishni o’rganmoqda, jangarilari harbiy tajriba orttirmoqda”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati institutidan Metyu Levit.

“Albatta, bu mojaroda u ilgari Isroil bilan urushlarga qaraganda ko’plab odam yo’qotdi. Nobud bo’lganlar orasida nufuzli qo’mondonlar bor. Ammo ular safiga qo’shilayotgan odamlar ham ilgariga qaraganda ancha ko’p”, - deydi mutaxassis.

Suriya urushiga aralashish masalasida ikkilanish

Hizbulloh Suriya urushi boshlanishi bilanoq Prezident Assadga yordam bera boshlagan. Avvaliga oz sonli jangchilarini yuborgan bo’lsa, Suriyaning alaviy shialarga mansub rahbari qiyin ahvolga tushib qolganidan keyin guruh ham urushga jiddiy hissa qo’shishga kirishdi.

Hizbulloh jangchilari yoshligidan qattiq harbiy tartib va intizomga o’rgatiladi, shohidlikka tayyorlanadi. Orasida oliy ma’lumotlilari ko’p. Ular jiddiy harbiy va mafkuraviy tayyorgarlikdan o’tgan.

Suriya urushi boshlanganida ko’plari unga qo’shilishga shoshilmadi, asosiy dushmanimiz - Isroil, deyishda davom etdi. Ammo Bayrut va shialar yashaydigan Beka vodiysida qator xurujlar amalga oshirilganidan keyin ular ham urushga aralashishga va Assadga yordam berishga qaror qildi.

“Islomiy davlat” to’dasi Hizbullohni ma’lum ma’noda qutqarib qoldi. Chunki bu to’da kuchayishidan oldin Hizbullohning obro’si pasayib ketgan edi. Endi esa Hizbulloh shialarni radikal sunniylardan qutqara oladigan yagona guruh sifatida ko’rilmoqda”, - deydi Metyu Levit.

Kelajakdagi mojaro

Xo’sh, Hizbulloh jangchilarining kuchayishi va Eron bilan aloqalarining chuqurlashishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

“Hizbulloh hozirda Isroil bilan urush boshlamoqchi emas. Guruh ayni vaqtda bir necha jabhada jiddiy janglar olib bora olmaydi. Ammo o’zini Isroilga qarshi chiqishga qodir guruh sifatida ko’rsatmoqchi. Vaqt-vaqti bilan Isroilga hujumlar uyushtiradi”, - deydi Levit.

Mutaxassis fikricha, yahudiy davlatiga qarshi hujumlarni guruh Livandan emas, G’olan tepaliklaridan olib borishni rejalamoqda. Aks holda Isroilning harbiy javobi Livan infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Tahlilchi Aram Nerguzyan fikricha ham katta hujumlarni amalga oshirish imkonini beradigan G’olan hududi Hizbullohning yangi qarorgohiga aylanadi. “Ular bu tepaliklarni egallab olmoqchi va Suriya urushi tugagach, u yerda qo’shinlarni qoldirmoqchi”, - deydi u.

Darhaqiqat, so’nggi paytlarda G’olan hududida Hizbulloh va Eron jangchilari ancha faollashgan. Ularga javoban Isroil hududni havodan bombardimon qilib turadi. Suriyaning bu hududga yaqin mintaqalariga ham Isroil havo kuchlari bombalar tashlagan.