Suriya hukumati BMT inspektorlarini kiritmoqchi emas

  • Amerika Ovozi

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Gaagada Kimyoviy qurollarni man qilish tashkilotida, Niderlandiya, 8-aprel, 2013-yil

Suriya hukumati BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning mamlakatga tergov guruhini kiritish iltimosini rad etgan. Suriyada hukumat va isyonchilar bir-birini kimyoviy qurolni ishga solganlikda ayblar ekan, BMT maxsus komissiya tuzib, masalani tergov qilmoqchi bo’lgan edi.

Suriya Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, inspektorlar faqat Halab shahri yonidagi Xon al-Assal qishlog’iga kiritilishi mumkin. Hukumat da’vosiga ko’ra, isyonchilar kimyoviy qurolni aynan o’sha yerda o’tgan oy ishga solgan. Biroq Pan Gi Mun guruh butun mamlakatni ko’zdan kechirishi kerak degan. Suriya vazirligi bu mamlakat suverenitetiga ziddir, deydi.

Bu o’rtada bugun internetda islomiy saytlarda audiomurojaat tarqalgan. Unda aytilishicha, Suriyada prezident Bashar al-Assad hokimiyatiga qarshi kurashayotgan Al-Nusra fronti guruhi Al-Qoidaning Iroqdagi sho’basiga qaraydi. Audiomurojaat muallifi o’zini Iroq Islomiy davlati deya tanitayotgan guruh rahbari Abu Bakr al-Bag’dodiy ekani aytilmoqda.

Ovozning asl ekani hali tasdiqlangani yo’q. Qo’shma Shtatlar Al-Nusra guruhini Al-Qoidaga aloqadorlikda gumon qilib, dekabr oyida uni terrorchi tashkilot deb belgilagan edi.

Suriyadagi suiqasd xurujlarini shu guruh o’z bo’yniga olib kelgan.