AQSh Suriya va Iroqni yana havodan nishonga oldi

  • Amerika Ovozi

Londondan turib Suriyadagi vaziyatni yorituvchi inson huquqlari guruhining bildirishicha, AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya tunda Suriyaning ikki viloyati Halab va Ragada "Islomiy davlat" pozitsiyalarini havodan nishonga olgan. Tinch aholi orasida taloflatlar borligi aytiladi. AQSh harbiylariga ko'ra, hujumlarda "Islomiy davlat"ga qarashli avtomobillar, samolyotga qarshi artilleriyani tashuvchi transport, jangarilarni tayyorlash lageri va bug'doy ombori zarar ko'rgan.

Yana bir hujum jihodchilar nazoratidagi gaz zavodiga qaratilgan. Suriya va Iroqdagi harbiy amaliyotlarda AQSh va arab samolyotlari ishtirok etmoqda. Iroqning Kirkuk, Sinjar va boshqa shaharlari atrofi ham nishonga olinib, bundan ruhlangan Iroq va kurd qurolli kuchlari qarshi hujumga o'tgan. Turkiya chegarada harbiylarini ko'paytirgan.

AQSh Prezidenti Barak Obamaning aytishicha, Qo'shma Shtatlar "Islomiy davlat"ni, uning imkoniyatlarini jiddiy qabul qilmagan, Iroq armiyasining kuchiga esa ortiqcha baho bergan.

Obama ayrimlarning agar AQSh ikki yil oldin Suriyada mo'tadil isyonchilarni qurollantirganida hammasi yaxshi bo'lar edi degan gaplarini afsona dedi.

Iroqdagi vaziyatning izdan chiqishida esa Obama qisman sobiq Bosh vazir Nuri al-Malikiyni aybladi. Uning aytishicha, Malikiy mamlakatni birlashtira olmadi, imkoniyatni boy berdi.

Iroq sobiq rahbari sunniy va kurdlarga ishonmay, shialar hokimiyatini kuchaytirish bilan ovora bo'ldi, deydi Obama.

Uning aytishicha, Suriya, Iroq va mintaqadagi boshqa mamlakatlar siyosiy murosani o'rganishi lozim. Yoshlarni ish va ta'lim bilan ta'minlash zarur, deydi AQSh prezidenti.