Breaking News

Obamaning "Islomiy davlat"ga qarshi urushi amerikaliklarga ma'qulmi?


AQSh harbiylariga ko’ra, “Iroq va Shom islomiy davlati” (ISID), qisqacha "Islomiy davlat" deb ham atalayotgan jangari guruhga qarshi amaliyot davomiy harbiy kampaniyaning boshlanishidir. So’rovlarda amerikaliklarning havodan hujumlarni qo’llab-quvvatlashi aniqlangan. Ammo missiya uzoqqa cho’zilsa, bu harakatlar jamoatchilik noroziligiga uchrashi mumkin.

“Islomiy davlat”ga qarshi harbiy kampaniya avj ola boshlar ekan, prezident Barak Obama ko’rilayotgan choralarni jamoatchilikka tushuntirish va uning xayrixohligini olishga qaratilgan urinishlarini ham jadallashtirdi.

Obamaning "Islomiy davlat"ga qarshi urushi amerikaliklarga ma'qulmi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:18 0:00
Yuklab oling

Mamlakat xavfsizligini mustahkamlash barobarida Obama BMT minbarida turib, xalqaro hamjamiyatni ham jihodchilar masalasida o’z tarafiga og’dirishga harakat qildi.

“Bu kabi yovuz kuch bilan na muzokara olib borish, na uni tushunish mumkin. Bu kabi qotillar bilan faqat kuch tilida gaplashish mumkin,” – dedi AQSh rahbari.

Prezidentning Suriyadagi isyonchilarni qurollash va harbiy tayyorgarlikdan o’tkazish rejasini Kongress ham qo’llab-quvvatladi. Ammo qonunchilar “Islomiy davlat”ga qarshi harbiy kampaniyani boshlash masalasini qachon ovozga qo’yishi hozircha noma’lum.

Vashingtondan siyosiy tahlilchi Jon Fortiyer fikricha, Obama uchun ham jamoatchilik, ham Kongress tayanchi katta ahamiyatga ega.

“Prezident masalani oxiriga yetkazishi kerak deb hisoblayman. Ayrimlar u yetarli choralar ko’rmayapti, masalan, Iroq va Suriyaga qo’shin yubormayapti, deyishi mumkin. Qarshi taraf esa Obama Iroqdagi urushga qayta kirish niyatida ekanidan xavotirda”, - deydi u.

Konservativ qarashlarga ega siyosatchilar prezident “Islomiy davlat”ga qarshi faqat havodan hujum qilishga qaror qilganini tanqid qilmoqda.

“Nima sababdan prezident Iroqqa qo’shin yubormoqchi emasmiz deyayotgani menga qorong’i. Buni ehtimoldan soqit qilish mumkin emas. “Dushmanga o’z rejalaringni hech qachon oshkor etma” degan gap bor axir,” – dedi "Foks" telekanaliga intervyu bergan respublikachi kongressmen Piter King.

Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklar ekstremistlarga qarshi havo hujumlarini qo’llab-quvvatlaydi, ammo AQSh qo’shinlarining Iroqqa qayta kiritilishiga qarshi.

Jon Myuller Ogayo universitetida jamoatchilik fikrini o’rganadi.

“Aniq nishonlarga qaratilgan va amerikaliklar orasida qurbonlarga olib kelmaydigan harakatlarga hayrixohlik bor, ammo undan kattaroq rejalarga odamlar qarshi. Amerikaliklar xorijdagi urushlarda qatnashishdan juda charchagan,” - deydi u.

Prezident oldida katta vazifa turibdi: jamoatchilikni xavfli, natijasi mavhum harbiy aralashuv kerakligiga ishontirish.

Karlin Bouman Amerika tadbirkorlik institutida jamoatchilik fikrini o’rganadi.

“Kelajakni bashorat qilish va odamlar bunday yondashuvni qachongacha ma’qullashini hozirdan aytish qiyin. Tarixga nazar tashlasak, bir narsani tushunamiz: agar maqsadlar aniq bo’lsa va prezident muvaffaqiyatga erishsa, xalq ham uni qo’llab-quvvatlaydi,” - deydi Bauman.

Darhaqiqat, yaqin o’tmishga nazar tashlasak, AQShning harbiy aralashuvini avvaliga qo’llab-quvvatlagan odamlarning xafsalasi tezda pir bo’lishi mumkinligini ko’ramiz.

“Gallup” ijtimoiy fikr markaziga ko’ra, 80 foizdan ziyod amerikaliklar 2001-yilda Afg’onistonga qo’shinlarning yuborilishini ma’qullagan. 2003-yilda esa so’ralganlarning 64 foizi AQSh askarlarining Iroqda joylashtirilishiga “ha” deb javob bergan. Ammo yaqinda o’tkazilgan bir so’rovda amerikaliklarning to’rtdan uch qismi o’sha ikki urushni mag’lubiyat deya baholagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG