Suriya bo'yicha ayrim ekspertlar kichik doiradagi va mahalliy darajada amalga oshirilgan sulhlar Suriyada qon to'kilishlarini to'xtatishda samarali bo'lishi mumkinligini ta'kidlamoqda. BMTning mulozimi Damashqqa borib, urushayotgan tomonlarni ana shunday kelishuvlarning hamma uchun foydali ekaniga ishontirishga urinmoqda. Ayni paytda mutaxassislar muvaffaqiyatsiz tugagan sulhlar foydadan ko'ra ko'proq zarar yetkazishi mumkin, deydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Sulh, odatda, yaxshilik va tinchlikdan darak. Otishma to'xtaganda, qurbonlar soni kamayadi. Ammo har doim ham shunday emas, deydi Xalqaro Inqiroz guruhi tahlilchisi Noa Bonsi.
"Otashkesimlarning aslida ijobiy qiymati yo'q. Sulh shartlariga qarab, u mojaroga ijobiy yoki salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin. Yaxshi sulh odamlar hayotini asrab qoladi. Mojaro ko'lamini kamaytirib, natijada siyosiy jarayonning boshlanishiga yo'l ochishi mumkin", - deydi u.
Yomon sulh esa buning aksi.
"Zo'ravonlikni yanada kuchaytiradi yoki qonxo'rlikni rag'batlantirib, odamlar hayotini saqlash o'rniga, yanada ko'proq inson halok bo'lishiga sababchi bo'ladi", - deydi tahlilchi.
Bosni so’zlariga ko'ra, Suriya urushida sulhlarning aksariyati foydadan ko'ra ko'proq zarar keltirdi. Tomonlar bir xil darajada kuchli yoki bir-biridan teng qo'rqmagani uchun, muammolar tug'ilmoqda, deydi u.
Britaniyada joylashgan "Madani" tashkiloti asoschisi Rim Turkmaniga ko'ra esa, kichik miqyosdagi sulhlar, agar to'g'ri yo'lga qo'yilsa va ijro etilsa, butun mamlakat darajasida muzokaralarning boshlanishiga turtki berishi mumkin.
Muvaffaqiyatli shartnomalar, odatda, har bir taraf uchun manfaatli bo'lgan umumiy masalalarni qamrab oladi; masalan, har ikki tomon foydalanadigan umumiy yo'l yoki elektr manbasi bo'yicha, deydi u. Shuningdek, bunday sulhlarning ijrosi taraflarning ishonchini qozongan mahalliy ta'sirchan shaxslar tomonidan nazorat qilinishi kerak.
"Biz, avvalo, muzokarachilarni, so'ng jangchilarning o'zlarini himoya bilan ta'minlay olishimiz kerak. Bir yil avval "Al-Vair" jangchilari, agar ularni himoya qiladigan mexanizm mavjud bo'lsa, sulhga kirishga tayyor ekanliklarini bildirgan edi. "Biz ketishimiz mumkin, lekin qayerga boramiz? Bu yerdan chiqishimiz bilan, bizni o'ldirishadi", deyishdi ular", - deydi Turkmani.
"Human Rights Watch" vakili Nadim Xuri ham jangarilar orasida tinchlik sulhini tahdid sifatida qabul qiluvchilar ko'p, degan fkrda.
"Himsda jangarilar bilan bo'lgan yosh yigitlar Suriya armiyasida xizmat qilishga majburlangan va ular ko'p marta hibsga olingan. Ko'plab oilalar bilan gaplashganimizda, ular farzandlarining qayerda ekanini bilmasliklarini aytishdi", - deydi u.
Siyosiy tahlilchi Umar Hallojning aytishicha, mahalliy darajada sulh tuzilgach, xalqaro hamjamiyat ham uni qo'llab-quvvalab, uning ijrosiga yordamlashishi kerak.
"Kelishuv o'z-o'zidan amalga oshmaydi. Rim aytganidek, ularni nazorat qiladigan tinchlik qo'mitalari bo'lishi kerak. Kuzatuvchilar zarur", - deydi u.
Ayrim holatlarda, hatto tinchlikparvar askarlarga ehtiyoj seziladi, deydi tahlilchi.
Ammo urushni to'xtatishning o'zi Suriyadagi muammolarni hal qilmaydi. Hallojning aytishicha, sog'liqni saqlash tizimi izdan chiqqani tufayli oddiy kasalxonalar davolashi mumkin bo'lgan kasalliklardan 300 mingdan ortiq odam halok bo'lgan. Suriya bolalarining 40 foizi esa maktabga qatnamaydi.
Urushning o'zi 2011-yildan beri 200 mingdan oshiq odamning yostig'ini quritdi. Millionlab aholi esa uy-joyini tashlab qochgan.