Suriya shimolidagi Aleppo shahrida minglab fuqarolar namoyishga chiqqan. Muxolifat ta’rificha, prezident Bashar al-Assadga qarshi qo’zg’olon boshlanganidan beri eng yirik chiqish bu.
Faollar jamoatchilikni oyoqqa turg’azib, Aleppo Universiteti talabalarini qo’llab-quvvatlashga undamoqda. Studentlarning kechagi namoyishini xavfsizlik kuchlari bostirgan edi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti rasmiylari Suriyada oxirgi dahshatli portlashlar al-Qoidaning qilmishi bo’lishi mumkin, deya xavotirda. BMT va Arab Ligasi elchisi Kofi Annan vositachiligida o’tgan oy mamlakatda sulh e’lon qilingan edi, lekin bitim to’liq kuchga kirishi qiyin bo’lmoqda.
Hukumat va isyonchilar bot-bot qurolni ishga solishni qo’ymay, bir-birini fitnada ayblab keladi. Annan tez kunda Damashqqa qaytib, tomonlarni yarashtirish yo’llarini muhokama qilmoqchi.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ishonchi komilki, Damashqda o’tgan hafta 55 odamni hayotdan olib ketgan portlashlar - al-Qoidaning ishi.
BMTning qurolsiz tinchlikparvar missiyasi sardori, general Robert Mud terrorchi tashkilotlar fursatdan foydalanayotgani tashvishlanarli hol, deydi.
“Begunoh odamlar umri xazon bo’lmoqda”, - deydi u. Bugun Suriyada tashkilotning 260 kuzatuvchisi xizmatda. Biroq:
“Kuzatuvchilar soni nechta bo’lishidan qat’iy nazar agar tomonlar bir-birini tinglab, hisoblashmasa, vaziyat o’zgarmaydi”, - deydi general.
Faollar bugun isyonkor Hims viloyatining Rastan shahrida armiya hujumlari haqida bildirmoqda. Kechagi otishmada uch odam o’lgan edi, deydi Britaniyada asoslangan Suriyada inson huquqlarini kuzatish guruhi. Hukumat hujumlar terrorchilarning qilmishi, deydi.
Suriyada o’tgan yilning martida muxolifat prezident Bashar al-Assadga qarshi bosh ko’targan edi. BMT hisob-kitobiga ko’ra, shundan beri o’lganlar soni 10 000 kishiga yetdi.