Rossiya Assadga raketa sotadi, Makkeyn Suriyada

  • Amerika Ovozi

Rossiyadan Suriyaga atalgan insonparvarlik yordami Latakiya shahriga yetib borgan.

Rossiya diplomatining aytishicha, Moskva Suriyani havo hujumidan mudofaa sistemasi bilan ta’minlaydi. Mamlakatni xorijiy agressiyadan himoya qilish tinchlikni saqlash uchun zarur, deydi tashqi ishlar vaziri muovini Sergey Ryabkov.

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiya Suriyaga raketalar sotadi/Nasiba Tohir


Rossiya rasmiysi Sergey Ryabkov bugun Moskvada jurnalistlar bilan ko’rishar ekan, ancha oldin imzolangan shartnoma doirasida Suriyaga S-300 rusumli raketalar jo’natiladi, dedi. Ammo yuk qachon yuborilishi haqida mulozim biror nima demagan.

Amerika va Isroil Moskvani bu qadamdan qaytishga undayapti. Raketa tizimi Isroil mudofaasiga tahdid solishi, Suriyadagi mojaro yanada chigallashishi mumkin, deydi Oq uy rasmiylari. Agar bu sistema Assadga jo’natilsa, chora ko’ramiz, deydi Isroil Mudofaa vaziri Moshe Yaalon.

Yevropa Ittifoqi kecha Suriyaga qo’yilgan qurol embargosiga tuzatish kiritib, isyonchilarga o’q-dori yuborishga qaror qilgan edi. Kreml bundan norozi. Suriya hukumatiga nisbatan embargo kuchda qolgan.

“A’zo davlatlar bu qurol muxolifat qo’liga yetib borishi, ko’zlangan maqsadda qo’llanishiga ishonch hosil qilishi kerak”, - deydi Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton.

Rossiyaning bildirishicha, Yevropa qarori kelasi oy tinchlik bo’yicha muzokara o’tkazish tashabbusiga ziyon qilishi aniq. Ittifoqqa a’zo Germaniya va Avstriya ham isyonchilarga miltiq tutqazishga qarshi. Qurol-aslaha ektremist kuchlar qo’liga tushib qolishi mumkin, degan xavotir bor.

Avstriya Tashqi ishlar vaziri Maykl Spindelegger Yevropa Ittifoqining maqsadlarini eslatadi.

“Biz tinchlikni ko’zlaymiz. Suriyada prezident Bashar al-Assad ma’muriyati sodir etayotgan huquqiy qabihliklarga qarshimiz. Ammo urushga aralashib qolmaslik ham muhim. Aks holda Yevropa Ittifoqi tamoyillariga qarshi borgan bo’lamiz”, - deydi Avstriya rasmiysi.

Hozir asosiy e’tibor Jenevada. Iyun o’rtalarida bu yerda Suriyada tinchlikka erishish yuzasidan xalqaro tadbir o’tadi. Kecha AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Parijda ana shu borada gaplashib olgan. Har ikkisi anjuman muvaffaqiyatli o’tishidan umidvor.

Bu orada, Suriya muxolifati AQSh senatori Jon Makkeynning tashrifidan mamnun. Respublikachi senator kecha Suriyada isyonchilar bilan ko’rishgan.

“Senator Jon Makkeyn Suriya xalqining demokratiya orzu-umidlarini, inqilobni avval boshdan qo’llab-quvvatlab kelgan. Makkeyn Ozod Suriya armiyasini qurollantirishga undagan siyosatchilardan”, - deydi muxolifat so’zlovchisi Anas Abda.

Oppozitsiya Qo’shma Shtatlardan harbiy madad, Suriya uzra jangovar samolyotlar parvozini taqiqlash kabilarda yordam so’rab keladi. Obama ma’muriyati shu paytgacha isyonchilarga noharbiy ko’mak uzatgan.