Arab Ligasi Suriya bo'yicha kuzatuvchilar missiyasi tarkibini yangilamoqda

  • Amerika Ovozi

Arab Ligasi majlis qilmoqda, Qohira, 12-fevral, 2012-yil

Arab Ligasi Suriyadagi vaziyatni kuzatish uchun tuzilgan missiya rahbari, sudanlik general Muhammad Ahmad al-Dabiyning iste'fosini qabul qilib, o'rniga Iordaniya sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla al-Xatibni tayinlagan.

Bugun ligaga a'zo 22 davlat tashqi ishlar vazirlari Qohirada uchrashib, Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi. Tashkilot bu mamlakatdagi ahvolni kuzatish uchun missiya yuborgan edi, ammo Suriyada zo'ravonliklar kuchaygach, kuzatuvchilar o'tgan oy uni tark etishga majbur bo'lgan edi. Shundan so'ng liga rahbariyati BMTga murojaat qilib, yordam so'ragan edi. Kuzatuvchilar tarkibi yangilanib, qo'shma missiyaga al-Xatib rahbar bo'ladi. Arbob BMTning Liviya bo'yicha maxsus vakili bo'lgan.

Bugungi majlisda Istanbulda asoslangan muxolif Suriya Milliy kengashini tan olish hamda arab davlatlaridan Suriya elchilarini haydash masalasi ham ko'rildi. Liga Suriya muxolif guruhlarini birlashishga chaqirmoqchi.

Bu o'rtada inson huquqlari faollariga ko'ra, Hims shahrida zo'ravonliklar davom etib, 10 kishi o'lgan. Poytaxt Damashq va janubdagi Douma shahrida esa dezertirlardan iborat Ozod Suriya armiyasi hukumat kuchlari bilan olishib, uch odam halok bo'lgan.

Suriyada prezident Bashar al-Assadga qarshi isyonni nafaqat G'arb va arab davlatlari, balki al-Qoida terror guruhi ham qo'llab-quvvatlamoqda. Internetdagi islomiy sahifaga qo'yilgan videomurojaatida guruh rahbari Ayman al-Zavohiriy Turkiya, Iroq, Iordaniya va Livan musulmonlarini suriyalik isyonchilarga madad berishga chaqirgan.

Zavohiriyning aytishicha, Suriya xalqi bu kurashni o'zi olib borishi, G'arb yoki arab davlatlariga tayanmasligi kerak.