Oq uy Suriya mojarosiga yondashuvini qayta ko'rib chiqishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Halab shahri, Suriya

Suriya tinchlik muzokaralari boshi berk ko’chaga kirib qolgan bir paytda Obama ma’muriyati fuqarolik urushini tugatish uchun qanday chora ko’rish ustida o’ylanmoqda.

Suriyada qonli to’qnashuvlar davom etmoqda. Fuqarolik urushi uch yildan beri tinmayapti. Muxolifatning Assad hukumatini yengishga qurbi yetmayapti.

Vashingtondagi Brukings tahlil instituti xodimi Maykl Oxanlonning aytishicha, Suriyada Assad va Hizbullohning qo’li baland kelmoqda, isyonchilar orasida al-Qoidaga aloqador guruhlar kuchaymoqda.

“Hozirgi siyosatimiz xavotirimizga sabab bo’lgan eng yomon bashoratning oldini ololmayapti”, - deydi u.

Tahlilchilarga ko’ra, al-Qoidadan ilhomlangan guruhlarning borligi barcha isyonchilarni terrorchilar deb atayotgan Suriya prezidenti Bashar Assadga qo’l kelmoqda.

Yaqin Sharq bo’yicha mutaxassis Deyvid Shenkerning aytishicha, hozir Assad rejimi va al-Qoida o’rtasida kurash ketayotgani haqida gapirishmoqda.

“Shu sabab AQShning, Obama ma’muriyatining pozitsiyasi ishonchsiz ko’rinyapti”, - deydi u.

Fuqarolik urushi uch yilda 135 mingdan ziyod odamning hayotini olib ketdi, to’qqiz milliondan oshig’i uyini tashlab chiqishga majbur bo’ldi.

Qo’shma Shtatlar Jenevada hukumat va muxolifat vakillari o’rtasida o’tgan muzokara natija berishiga ishongan edi, ammo jarayon boshi berk ko’chaga kirib qoldi.

“Ko’rinib turibdiki, Bashar Assad sidqidildan muzokara qilish o’rniga g’alabaga jang maydonida erishmoqchi bo’lyapti”, - deydi AQSh davlat kotibi Jon Kerri.

Suriya harbiy-havo kuchlari isyonchilar nazoratidagi shaharlarni bombardimon qilishda davom etmoqda. Jon saqlash maqsadida so’nggi haftalarda yarim million odam uyini tark etishga majbur bo’ldi.

Tahlilchilar nazarida Obama ma’muriyati isyonchilarga harbiy samolyotlar harakati haqida ma’lumot ulashsa, qon to’kilishlarining oldini olishga hissa qo’shishi mumkin.

“Suriya havo sarhadlarida samolyotlarni ko’p ko’rmaysiz hozir, chunki uchuvchilarning aksariyati qochgan. Endi vertolyot pilotlarini ham rejimni tashlab ketishga chaqirishimiz yoki ularni aniqroq nishonga ola bilishi uchun isyonchilarga yordam berishimiz kerak”, - deydi tahlilchi Shenker.

Ekspertlar nazarida AQSh va uning ittifoqchilari Ozod Suriya armiyasini samarali kuchga aylantirishi mumkin. Buning uchun uni tankka qarshi moslamalar, o’q-dori, jangchilarini esa maosh bilan ta’minlash kerak, deydi ular.

Markaziy razvedka boshqarmasi Iordaniyada suriyalik isyonchilarni tayyorlash dasturini kengaytirishi mumkinligi ham aytilmoqda.

Biroq rasmiylarga ko’ra, prezident Barak Obama AQShni yana bir urushga tortuvchi harakatlarga qo’l urmoqchi emas.

“Tarix Obamani bu urushdan o’zini olib qochgan arbob sifatida eslab qoladi. U bu mojarodan chetda turishga harakat qiladi”, - deydi Maykl Oxanlon.

Yetarlicha qudratli harbiy kuchsiz Eron va Rossiya yordamiga suyangan Suriya hukumatini Vashington bu urushda mag’lub etishi gumon, deydi amerikalik kuzatuvchilar.