Suriya muxolifati Ostonada muzokara qiladi

Suriyada hukumatga qarshi kurashayotgan muxolifat vakillari Ostonada muzokaralar o'tkazishga hozirlik ko'rmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Suriya muxolifati Ostonada muzokara qiladi - Malik Mansur

Suriya mojarosida betaraf ekanini ta'kidlab kelayotgan Qozog'iston tinchlik muloqotining ikkinchi davrasi yaqin kunlarda o'tkazilishini bildirgan.

Muzokaralarning birinchi qismi may oyida Qozog'istonda o'tgan. Unda mamlakatdagi zo'rovonliklarni tugatish, o'zaro kelishuvga borishga qaratilgan “Ostona deklaratsiyasi” qabul qilingan edi.

Qozog'iston Suriyada sirtdan yoki zimdan biror manfaatga ega emasligini, Suriya muxolifatining iltimosiga binoan shunday imkoniyat yaratib berayotganini aytadi.

Suriya inqirozini harbiy yo'l bilan yechib bo'lmasligini ta'kidlagan Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrisov mamalakat pozitsiyasini shunday ifodalaydi:

“Qozog'iston Suriyada biror yashirin, alohida manfaatlarga ega emas, zimdan rejalangan biror maqsadi ham yo'q. Bizning pozitsiyamiz ochiq, xolis va betaraf. Qozog'istonning yagona qiziqishi bu mamlakatda tinchlik o'rnatilishida, rivojlanish uchun sharoit yaratilishida”.

Qozog'istonlik faollar esa Moskvaning Suriya inqiroziga harbiy aralashuvi, Rossiya Bashar Assad hokimiyatini mustahkamlashga jiddiy kirishganiga e'tibor qaratishmoqda.

“Gap shundaki, Putin Suriyani ochiqdan-ochiq qo'llamoqchi emas, ayniqsa, Assadga raqobatda bo'lgan muxolifatning bir qismini. Shundan kelib chiqib, uchrashuvni Qozog'istonda o'tkazishga qaror qilishgan, Ostonaga rasman muzokaralar o'tkazuvchi maqom berilgan. Ammo Suriya muxolifati juda xilma-xil, etnik jihatdan ham, diniy, siyosiy yo'nalishi jihitidan ham. Ularning bir qismi Moskvaga suyandi, gap shular haqida. Ammo ular Suriya oppozitsiyasining jiddiy bir qismini tashkil etmaydi”, - deydi qozoq faollaridan biri Aydos Sodiqov.

Ostona yig'ilishida Suriya hukumatidan ham, Assad rejimi bilan urushayotgan muxolifatning aksariyat qismidan ham vakillar yo'q.

Qozoq matbuotiga ko'ra, uchrashuvda Suriya kurdlari harakatidan, Suriya plyuralistik uyushmasidan vakillar qatnashadi.

May oyidagi ilk uchrashuvda qatnashgan taraflar o'zaro nizolarga barham berish, ekstremistik harakatlarga qarshi yagona bir front atrofida birlashishga kelishgan edi.

“Suriya urushida hozir Hizbulloh guruhiga suyanayotgan kuchlar, “Islomiy davlat” va unga qarshi birlashgan jangarilar guruhi, Assad rejimi o'zaro kurashmoqda. Boshqa kuchlar hammasi keyingi darajada. Shundan kelib chiqsak, Ostonadagi tadbir unchalik ahamiyatli emas - shunchaki Moskvaning Ostona orqali olib borayotgan navbatdagi kampaniyasi", - deydi Aydos Sodiqov.

Rossiya nashrlariga ko'ra, Qozog'istonda muzokaralar 2-3 oktabr kunlari o'tadi. Shu kuni Prezident Vladimir Putin BMT Bosh Assambleyasida Suriya inqiroziga doir nutq bilan chiqishi ham kutilmoqda.