Suriya: Parlament saylovlarida 51 foiz aholi qatnashdi

  • Amerika Ovozi

Hozirda parlamentda Assadning Baas partiyasi ustun

Suriya rahbariyatining bildirishicha, 7-may kungi parlament saylovlarida ovoz berish yoshidagi aholining 51 foizi qatnashgan.

Bir yildan oshibdiki, prezident Bashar al-Assadga qarshi isyon qilayotgan muxolifat jarayonni noqonuniy deya yuz o’girgan edi.

Suriya markaziy saylov komissiyasi raisi Xalaf al-Izzauiy so’zlariga ko’ra, saylovga besh million fuqaro chiqqan.

Ovoz berish mustaqil, xolis kuzatuvchilar tomonidan kuzatilmagan va oppozitsiyaning ta’kidlashicha, isyonkor shahar hamda qishloqlarda odamlar saylovda qatnashmagan hisob.

Suriya parlamentida 250 o’rin bor. Hozirda unda Assadning Baas partiyasi ustuvor. Fevral oyida o’zgartirilgan konstitutsiya referendumga qo’yilib, yangi partiyalar tuzilishiga yo’l ochib berilgan edi.

Muxolifat nazarida bu partiyalar Assadning ijod namunalari.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobicha, o’tgan yilning martidan beri mamlakatda hukumatga qarshi qo’zg’olon va zo’ravonliklar 9 000 odamni hayotdan olib ketgan.