Breaking News

Suriya muxolifati orasida bo'linish kuchaymoqda


Isyonchilar Suriyaning markaziy Xums shahrida hanuz faol, 3-may, 2012-yil.
Isyonchilar Suriyaning markaziy Xums shahrida hanuz faol, 3-may, 2012-yil.

Suriyada hukumat va muxolifat o’rtasida tuzilgan sulhning Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuzatuvchilari tomonidan nazorat etilishiga qaramasdan, qonli zo’ravonliklar to’xtagani yo’q. Isyonchilar orasida bo’linish kuzatilmoqda.

Hukumat kuchlari muxolifat joylashgan hududlarni o’qqa tutishda davom etmoqda. Isyonchilarning esa taslim bo’lgisi yo’q. Natijada tinch aholi orasida qurbonlar ko’paymoqda.

Xorijda esa o’zini Suriyaning asosiy muxolifati deb ko’rsatishga harakat qilayotgan guruhlar soni ham oshib boryapti. Yaqinda Parijda ana shunday tashkilotlardan yana biri dunyo yuzini ko’rdi. O’zini Suriya xalqining qonuniy vakili sifatida e’lon qilgan yangi guruh yaqin orada Suriya xalqining muhojirotdagi hukumatini tuzish niyatida ekanini aytgan.

“Suriya do’stlari” xalqaro tashkiloti esa o’tgan oy Istanbuldagi majlisida Suriya Milliy kengashini xalqning qonuniy vakili sifatida e’tirof etdi.

Londonda joylashgan Arab-ingliz muloqoti kengashi vakili, Suriya bo’yicha mutaxassis Kris Doylning aytishicha, muxolifatning turli tashkilotlarga bo’linib ketishi yaxshilik alomati emas.

“Shuni qayd etish lozimki, hozirgi rejim xalq orasida obro’sini to’kkan ekan, jamoatchilik ishonchiga yolg’iz saylov orqali erishish mumkin, xolos”, deydi tahlilchi Doyl.

Bir guruh muxolifat vakillari Parijda Suriyaning o'tish hukumatini tuzmoqchi, 26-aprel, 2012-yil.
Bir guruh muxolifat vakillari Parijda Suriyaning o'tish hukumatini tuzmoqchi, 26-aprel, 2012-yil.
Mutaxassisning barcha muxolif guruhlarning birlashishiga ko’zi yetmaydi. Lekin ular prezident Bashar al-Assad rejimini ag’darish maqsadida koalitsiya tuzishi mumkin, deydi u.

Ammo xalq orasida prezidentni qo’llab-quvvatlashda davom etayotgan aholi qatlamlari ham bor. Shu sabab muxolif tashkilotlarning bir yoqadan bosh chiqarib faoliyat yuritishi juda muhim, deydi BMT va Buyuk Britaniyaning sobiq rasmiysi Mark Mellok-Braun.

“Muxolifat ishga mas’uliyat bilan yondashishni boshlamasa, tarqoqlashib boraveradi. Barcha muxolif guruhlarning boshini bir joyga yig’adigan platforma zarur. Ular siyosiy yetukligini namoyish etib, murosaga kelmasa bo’lmaydi”, deydi u.

Ammo birlikdan hozircha nishon yo’q. Bu esa xalqaro hamjamiyatning Assad rejimi tarafdorlari fikrini o’zgartirishni qiyinlashtirmoqda.

“Agar Assadga xayrixoh kuchlar kelajakda siyosiy sahnada qolishni istasa, rahbarining bahridan o’tishi kerak bo’ladi. Shuning uchun rejim tarafdorlari va Assad oilasi o’rtasida ziddiyatlar kuchayishi mumkin, deb o’ylayman”, deydi Mellok-Braun.

Tahlilchining aytishicha, Assad ketishi uchun uning Rossiya kabi xalqaro hamkorlari yordam berishi kerak. Agar muzokaralar ish bermasa va G’arb harbiy aralashuvining ehtimoli yuzaga kelsa, ular shunday qilishga majbur bo’ladi, deydi Mellok-Braun.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG