BMT inspektorlari: Suriyada kimyoviy qurol qo'llangan

  • Amerika Ovozi

AQSh davlat kotibi Jon Kerri(o'ngda), Britaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari Uilyam Xeyg (chapda) va Loren Fabius Parijda Suriya mavzusida gaplashmoqda, Fransiya, 16-sentabr, 2013-yil

Bugun BMT inspektorlarining Suriyada kimyoviy qurol qo'llanganiga doir taftish bo'yicha to'liq hisoboti chop etiladi. Xulosa shuki, 21-avgust kuni Damashq yaqinidagi Guta shahrida zaharli zarin gazi ishga solingan.

Inspektorlar kimyoviy hujumni kim amalga oshirganini aytgani yo'q. BMT ekspertlarining vazifasi qurolning umuman qo'llanganini isbotlashdan iborat edi, xolos.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bugun Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashini tergov xulosalari bilan tanishtiradi.

AQSh, Britaniya va Fransiya nazarida Bashar Assad hukumati aholiga qarshi zaharli gaz ishlatgan. Rossiya va Damashq esa bu ishda isyonchilarni ayblamoqda.

Jahon hamjamiyati fojia takrorlanishining oldini olishga harakat qilar ekan, AQSh va Rossiya Damashq roziligi bilan barcha kimyoviy qurollarni Suriyadan olib chiqib, yo'q qilishga kelishib olgan.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, kelishuv dunyo tinchligi yo’lida muhim qadam bo'ldi. Biroq, deydi Obama, Bashar Assad hokimiyatdan ketmas ekan, Suriyada vaziyat o’zgarmaydi.

AQSh rahbari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Suriyadagi mojaroni hal etish yo’lidagi diplomatik harakatlarini olqishladi. Uning aytishicha, Putin masalaga o’zgacha qarasa-da, ikki davlat Suriya bobida hamkorlikni davom ettirishi lozim.

"Putinning qarashlari biznikidan farq qiladi. Assadni himoya qilish bilan u o’zgacha siyosatni olg’a surmoqda", - deydi Obama.

Unga ko’ra, Assad hokimiyatdan ketmas ekan, ixtilof bitmaydi. AQSh havo hujumi tahdidi Rossiya va Suriya rasmiylarini kimyoviy qurollarni yo’qotish tashabbusi haqidagi rejani qabul qilishga majbur qildi, deydi Obama.

"Biz qo’ygan bosim natijasida Suriya ilk bor kimyoviy quroli borligini tan olib, ularning qo’llanilishini man qiluvchi xalqaro bitimga qo’shildi. Ularning bosh homiysi Rossiya esa Damashqni barcha kimyoviy qurollaridan qutulishga ko’ndirishini aytdi. So’nggi 1-2 haftada bu masalada katta qadam qo’yildi", - deydi Obama.

Amerika qonunchilari AQSh-Rossiya bitimini turlicha izohlamoqda. Respublikachi senator Jon Makkeyn buni zaiflik belgisi deb atadi. Boshqa qonunchilar esa AQSh harbiy hujumining oldini olishga imkon beruvchi kelishuv tarafdori.

Rossiya tomoni bilan bu masalada kelishgan davlat kotibi Jon Kerri nazarida bu shu kungacha erishilgan eng katta yutuq, biroq rejani amalga oshirish uchun zarba tahdididan voz kechmaslik kerak.

"Assad rejimi va boshqalar shuni bilsinki, prezident Obama va Qo’shma Shtatlar bu maqsadga erishish niyatida qat’iy. Xalqaro aloqalarda quruq gapga o’rin yo’q. Hujum ehtimolini hisobdan chiqarmaslik kerak", - deydi Kerri.

AQSh davlat kotibi Jon Kerri bugun Parijda Fransiya va Britaniya tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi. Tomonlar Suriya kimyoviy qurollarini yo’q qilishga chaqiruvchi BMT rezolyutsiyasi loyihasi ustida ishlaydi.

Kerri Parijda Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Saud al-Faysal bilan ham muloqot qiladi.