Barak Obama ma'muriyati BMT Xavfsizlik Kengashida Suriyaga doir rezolyutsiya loyihasining qabul qilinmaganidan afsusda ekanini aytib, hujjatga veto qo'ygan Rossiya va Xitoy harakatidan ranjiganini yashirmayapti. Suriya prezidenti Bashar al-Assadga bosimni oshirish kerak, deydi Oq uy matbuot kotibi Jey Karni.
Qo'shma Shtatlar xalqaro hamkorlar bilan "Suriya do'stlari" guruhiga asos solib, Assad rejimiga bosimni kuchaytirmoqchi.
Shanba kungi ovoz berishda Xitoy va Rossiya hujjatni o'tkazmagach, AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Rays nazarida Suriyada vaziyatning keskinlashishiga yo'l ochilib, Yaqin Sharq barqarorligiga tahdid kuchaydi.
Oq uy matbuot kotibi Jey Karnining aytishicha, prezident Obama Xitoy va Rossiyadan norozi.
"Elchimiz masala bo'yicha pozitsiyamizni to'g'ri eks ettirdi. Xalqaro hamkorlar bilan Xavfsizlik Kengashi va boshqa joylarda Suriya masalasini muhokama qilishda davom etamiz", - deydi rasmiy.
Senator Jozef Libermanning aytishicha, xalqaro hamjamiyat Suriya masalasida dadilroq harakat qilishi, jumladan Ozod Suriya armiyasiga qurol yetkazishi kerak.
"Assad qo'shinlariga qarshi bu kuchni qo'llab-quvvatlash lozim. Tibbiy yordam, razvedka ma'lumotlari, harbiy tayyorgarlik ana shunday yordam turiga kiradi. Qurol berishdan ham cho'chimasligimiz kerak, axir Assad o'z xalqini o'ldiryapti, muxolifat esa biz bergan qurollar bilan xalqni himoya qiladi", - deydi qonunchi.
Oq uy so'zlovchisi Jey Karnining aytishicha, Suriya muxolifatini hozir qurollantirish kun tartibida yo'q.
""Suriya do'stlari" guruhi doirasida asosan gumanitar yordam yetkazish, Assad tuzumini yakkalash kabi masalalar ko'rilyapti", - deydi Karni.
Kuni kecha Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Damashqda bo'lib, prezident Assad bilan uchrashdi. Oq uy vakilining aytishicha, Rossiya unga haddan oshiq ishonmoqda, bundan foyda bo'lmaydi.
Suriyalik inson huquqlari faollarining aytishicha, armiya Hims shahri qamalini davom ettirib, bugun bir necha odamni o'ldirgan. Shahar 11 yildan beri davlatni boshqarayotgan prezident Bashar al-Assadga qarshi namoyish o'chog'i sanaladi. Shaharda so'nggi kunlarda yuzlab fuqaro halok bo'lgani aytiladi. Lekin ma'lumotni tasdiqlash mumkin emas, chunki hukumat xorij matbuotini hududga kiritmagan.
Lavrov nazarida tanazzulni Suriya xalqi o'zaro, xalqaro hamjamiyat aralashuvi va ko'rsatmalarisiz hal qilishi kerak. Rossiya vaziri bilan uchrashuv chog'ida prezident Assad muxolifat bilan muzokarani vitse-prezident Faruh al-Sharaaga yuklashini aytgan.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto'g'li bugun Vashingtonga kelib, Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan Suriya haqida gaplashmoqchi. Assad ma'muriyatiga qo'shimcha sanksiyalar qo'yib, qurol-aslaha savdosini taqiqlash muhokamasi rejada.
Suriya rahbari kechagi chiqishida islohotlarni amalga oshirib, yangi konstitutsiya loyihasini referendumga qo'ymoqchi ekanini aytgan.
"Xalq mamlakat siyosiy hayotida faolroq qatnashishini istayman", - deydi u.
Davlat departamenti so'zlovchisi Viktoriya Nuland nazarida armiya namoyishlarni ayovsiz bostirishda davom etar ekan, Assadning yangi va'dalariga ishonish qiyin.