Obama: Suriyada tinchlikka erishish uchun sulhning o'zi yetmaydi

  • Amerika Ovozi

Oq uyda o'tgan uchrashuvda Obama minglab suriyalik qochqinlar og'irini ko'tarayotgan Iordaniyaga qo'shimcha moliyaviy yordam va'da qildi.

Amerika Prezidenti Barak Obama Suriyada shanbadan boshlab kuchga kirishi rejalangan sulh besh yillik urushga yakun yasaydi, deya xulosa qilishga shoshmayapti.

Oq uyda Iordaniya qiroli Abdullani qabul qilgan Obama mamlakatda vaziyat og'ir va olamshumul umidlar bog'lashga erta, dedi.

"O'tgan bir hafta mobaynida Suriyaning qamalda qolgan shaharlariga aholi uchun oziq-ovqat va tibbiy yordam yetib borganini ko'rdik", - deydi prezident.

"Bu ijobiy o'zgarish. Agar kelasi haftalar ichida otishma to'xtasa, mamlakat shimoli va janubida uzoq muddatli sulhni tatbiq etish uchun asos bo'ladi. Shundan keyingina fuqarolik urushiga yakun yasash uchun zarur siyosiy islohotlar haqida gapirish mumkin", - deydi Obama.

AQSh rahbari so'zlariga ko'ra, sulh kelishuvi muvaffaqiyatli amalga oshishi xalqaro hamjamiyatga, jumladan, Rossiyaga butun e'tiborni "Islomiy davlat" to'dasiga qarshi kurashga qaratish imkonini beradi.

Oq uyda o'tgan uchrashuvda Obama minglab suriyalik qochqinlar og'irini ko'tarayotgan Iordaniyaga qo'shimcha moliyaviy yordam va'da qildi.

Vashington va Moskva Suriya uchun birgalikda ishlab chiqqan sulh rejasi Kongressda ishonchsizlik bilan qarshi olindi. Amerikalik qonunchilar nazarida Rossiya bergan va'dalarini buzishi hech gap emas. Senatorlar Davlat kotibi Jon Kerrini shu mavzu bo'yicha savolga tutdi.

Suriyaning ittifoqchisi Rossiya isyonchi guruhlarni bombardimon qilishni bas qilmasa, qanday oqibatlar bilan yuzlashadi, deb so'raydi qonunchilar.

Senator Jon Barraso Obama ma'muriyati Putinga biror ogohlantirish bergani haqida eshitmadik, deydi.

Jon Kerrining javobi shuki, sulh bitimi ish berishiga hech kim kafolat berolmaydi. Ammo shuni bahona qilib, qo'l qovushtirib o'tirganimiz yo'q, boshqa yo'llarini ham ko'rib chiqayapmiz, dedi bosh diplomat.

Uning aytishicha, kelishuv ish bermagan taqdirda AQSh muqobil reja tuzib qo'ygan.

Siyosatshunos Daniel Server nazarida Amerika oldida boshqa imkoniyatlar ham bor.

"AQSh harbiy qudratini ishga solib, jang maydonida muvozanatni o'zgartirish, siyosiy muloqotga yo'l ochish qo'lidan keladi", - deydi Server.

Ammo ayni paytda Rossiya qo'llab-quvvatlayotgan Suriya armiyasi qurollangan oppozitsiyadan ustun kelayapti. Mojaroni siyosiy yo'l bilan hal qilish uchun sharoit qulay emas, deya izohlaydi u.

BMT Xavfsizlik Kengashi AQSh va Rossiya olg'a surgan sulhni qo'llab-quvvatlovchi rezolyutsiya ishlab chiqmoqchi. Suriyada jang qilayotgan taraflar juma kungacha otishmani to'xtatishga doir bu kelishuvga rozimi-yo'qmi, aytishi kerak. Bitim shanba kuchga kirishi rejada.

Rasmiy Damashq qatnashishga tayyor, lekin "Islomiy davlat" va al-Qoidaga aloqador terrorchilarga qarshi janglar davom etishini bildirgan.

Suriyadagi asosiy muxolif guruh sulhda ikki hafta ishtirok etib, qarshi tomonning xatti-harakatiga qarab keyin tugal qaror qabul qilmoqchi.