Breaking News

Iordan uchuvchisi qafasda yoqib o'ldirilgan


Uchuvchi Muaz al-Kasasba surati Iordaniya ko'chalarida
Uchuvchi Muaz al-Kasasba surati Iordaniya ko'chalarida

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo'lgan tasvirlarda Iordaniya uchuvchisi Muaz al-Kasasba "Islomiy davlat" tomonidan yoqib yuborilgani aks etadi. Mahbus qafasda alanga ichida uzoq azoblanib o'lganini ko'rasiz.

Iordaniya qurolli kuchlari boshqarmasi marhumning oilasiga bu haqda xabar bergan. Ayni damda Vashingtonga safar qilayotgan Qirol Abdulla vataniga qaytmoqda. Poytaxt Ammon va boshqa shaharlarda odamlar namoyish qilib, hukumatni chora ko'rmaganlikda, yurt farzandi hayotini asrab qolmaganlikda qoralamoqda. Uchuvchi bugun yoki kecha emas, 3-yanvarda, asirga tushganidan sal o'tmay o'ldirilgan deya taxmin qilinadi. Iordan telekanallarida shunday rasmiy xabar tarqatildi.

Qirol Abdulla deydiki, "Islomiy davlat" qilmishi uchun javob beradi va uchuvchining har bir tomchi qoni uchun qasos olinadi.

Amerika rahbari Barak Obama so'zlariga ko'ra, "Islomiy davlat" yana bir bor naqadar vahshiy va qonxo'r ekanini isbotladi. Tasvirlar tekshirilmoqda.

Bu guruhning mafkurasi insonlar qonini ichish, deydi Obama, AQSh ularni har tomonlama nishonga olishda davom etadi. Maqsad - bu tizimni yo'q qilish.

Lekin ko'plab mutaxassislar nazarida qurol va havo hujumlari bilan "Islomiy davlat" dan qutulish mumkin emas.

Oq uy uchuvchining oilasi, davlati va xalqiga chuqur hamdardlik bildirib, dunyo bu baloga qarshi birgalikda kurashishi kerakligini qayd etmoqda.

Bugun AQSh Davlat kotibi Jon Kerri iordan uchuvchisi vataniga omon qaytishiga umid bor deya ta'kidlagan edi. Kecha va bugungi muzokaralar ketidan Vashington va Ammon o'rtasida qator strategik bitimlar imzolandi.

"Islomiy davlat" o'tgan kunlar ichida ikki yaponning kallasini oldi.

Ularning joni va iordan uchuvchining hayoti evaziga Ammondan iroqlik mahbus ayolni ozod etish talab qilindi. Sojida al-Rishaviy ismli juvon terrorizmda ayblanib, oliy jazoga loyiq topilgan va Iordaniya turmasida o'limini kutib o'tiribdi.

Qirollik "Islomiy davlat" shartini ko'rib chiqishini bildirib, avval uchuvchi tirik ekanini isbotlashni talab qildi. Chunki Ammon taxminicha, yuqorida qayd etilganidek, uchuvchi allaqachon o'ldirilgan bo'lishi mumkin edi. Muzokaralar natija bermadi.

Ikki yapon uchun "Islomiy davlat" boshida 200 million dollar so'radi. Tokio bir necha kun oldin shuncha pulni aslida bu guruhga qarshi kurashga ajratishini e'lon qilgan edi.

Muaz al-Kasasba o'tgan yilning oxirgi kunlarida Suriyada samolyoti qulaganida jangarilar qo'liga tushgan. U AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya olib borayotgan havo hujumlariga safarbar etilgan mutaxassislardan biri edi.

Iordaniya Amerikaning azaliy ittifoqchisi. 2017-yil oxirigacha Vashington bu davlatga 1 milliard dollarga teng yordam beradi. Bu mablag' iqtisodiy taraqqiyot, texnologiya va xavfsizlik choralarini mustahkamlash uchun sarflanadi. Shuningdek, Suriya va Iroqdan kelgan qochqinlarga qarayotgani uchun Iordaniyaga 467 million dollar ham uzatilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG