Iroq va Suriyada katta hududlarni egallagan "Islomiy davlat" jangari guruhi Markaziy Osiyoda, xususan Farg’ona vodiysida ham faollashishini bildirmoqda.
Qirg'izistonlik dinshunos olim Qodir Malikovning aytishicha, radikal to'dalar shu maqsadda 70 million dollar ajratgan. Qirg'iziston hukumati radikal oqimlarga nisbatan qanday chora ko’rayapti?
Bishkekdagi “Din, huquq va siyosat” deb nomlangan tahlil markazi rahbari, tadqiqotchi Qodir Malikov matbuot anjumanida o’zi aytib o’tgan raqam hozircha tasdiqlanmagani, ammo mintaqada vaziyatni izdan chiqarish uchun yirik mablag’ ajratilishi haqida ishonchli ma’lumot borligini ta’kidlaydi.
Uning aytishicha, zikr qilingan guruhlar faolligi O’zbekistonga yo’naltirilishi mumkin va bu o’rinda xatar zaifroq sanalmish Qirg’izistonga ham tahdid qiladi.
Farg’ona vodiysida tinchlik va xavfsizlik masalalari bo’yicha “Fergana-sentr” axborot-tahlil markazi ta’sischisi, polkovnik Begijon Ahmedov shunday deydi:
“Taniqli islomshunos olim Qodir Malikovning so’zlarida jon bor deyish mumkin. Chunki u kishi mutaxassis sifatida doim ma’lumotlarga tayangan holda o’z fikr-mulohazalarini bildiradi. Qolaversa, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti hamda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo bo’lgan davlatlar tomonidan ham shunday xavotirlar aytilayapti”.
Ahmedov o’zini “Islomiy davlat” deb atayotgan guruh o’z safida hech narsadan qaytmaydigan jangarilarni to’plagani va hozirgi zamon uchun mislsiz qonli terroristik harakatlar sodir etayotganini urg’ulaydi.
Mintaqaga tahdid xavfi yo’q emasligini aytar ekan, ayni paytda polkovnik ommaviy axborot vositalarini bosiqlikka chaqiradi. Uningcha, bunday narsalarni bo’rttirib ko’rsatish noo’rin ko’rinishlar, jumladan, odamlar orasida vahima sochishga olib kelishi ehtimolini unutmaslik darkor.
Polkovnik Begijon Ahmedov nazarida, ekstremizm va radikalizmning oldini olish yo’lida Qirg’iziston davlat tizimlari hamda rasmiy diniy idoralar olib borayotgan ishlarning saviyasi ancha oshgan.
“Tegishli idoralar faoliyatining samarasini oshirish uchun malakali kadrlar, mablag’ hamda vaqt yetishmaydi”, - deb hisoblaydi tadqiqotchi Qodir Malikov.
Jalolobod shahrida joylashgan va Islom ta’lim markazi, nodavlat tashkilot, rahbari Dilmurod O’rozov o’z kuzatuvlarini shunday ifodalaydi:
“Suriya va Iroqqa, o’sha urush b’olayotgan joylarga bu tomondan odamlar ketayapti, qaytib kelib yana ketganlar bor. Bunday bordi-keldi bejiz emas. Ikkinchidan, bugungi voqelikdan, dunyoda yurayotgan siyosatlardan norozi islomiy guruhlar ham ko’p. Qolaversa, musulmonlarni ham tinch qo’yishmayapti. Aytaylik, Fransiyadagi voqea va chiqishlar hamda bunga javoban musulmon davlatlaridagi norozilik amallari… Qisqasi, xavfga sovuqqonlik bilan qaramaslik lozim”.
Radikal kayfiyatlarning oldini olish uchun nima qilish kerak?
“Xalqqa e’tibor lozim, davlat el talab-ehtiyojini qondirishga harakat qilishi kerak”, - deydi suhbatdosh.
Uning fikricha, hozir asosiy vazifa kuch tadbirlari emas, balki yoshlarni nojo’ya yo’ldan qaytarish, saqlab qolishda. “Bu jamiyatni to’g’ri yo’naltirish bilan bo’ladi”, - deydi Dilmurod O’rozov.
U radikal kayfiyatdagi odamlarni qayta tarbiyalash mumkinligiga ishonadi. (Matbuot xabarlariga ko’ra, Yevropa mutaxassislari bunday insonlarni reabilitasuya qilish sohasida ma’lum tajriba to’plagan).
Dilmurod O’rozov amaldagi ishlar, ayniqsa, diniy idoralar faoliyatidan qoniqmaydi. Unung nazarida, “sezilarli siljish ko’rinmaydi, tashvishlar e’tiborga olinmayotganday”.
Aytish joizki, so’nggi yillarda Qirg’iziston rasmiy doiralari diniy tashkilotlar faoliyatini tartibga solishga kirishgan. Mutaxassislarning aytishicha, o’tgan yili qabul qilingan Din sohasida davlat siyosati konsepsiyasi ichki va tashqi vaziyat hamda jarayonlarni inobatga olgan. Ushbu dasturiy hijjatda davlat va din munosabatlari, xavfsizlik masalalariga urg’u beriladi.
“Konsepsiya asosida qonunlarga o’zgartirishlar kiritilishi ehtimol. Qirg’iziston qonunlari nisbatan yumshoq bo’lib, bu amaliyotdan uzoqlashilmaydi. Nazorat bo’ladi, toki chegaradan chiqilmasin, lekin diniy tashkilotlar hamda dindorlarga bosim emas. Biz O’zbekiston yoki Qozog’iston yo’lidan borishimiz kerak emas. Bizning o’z sistemamiz, o’z siyosiy modelimiz bor. Ko’proq oldini olish choralari bilan shug’ullanish va shu yo’l bilan radikallashish sabablarini bartaraf etishga harakat qilmoq lozim”, - deydi Qodir Malikov.