"Islomiy davlat" jangarilari Suriyaning kurdlar yashovchi Kobani shahri uchun janglarda jiddiy talafot ko'rib, chekinganini tan olmoqda. Bunga asosan xalqaro koalitsiya havo hujumlari sabab qilib ko'rsatilmoqda. Shahar Turkiya chegarasiga yaqin joylashgan bo'lib, strategik ahamiyatga ega.
Arablar Kobanini Ayn al-Islom deb ataydi. Jangarilarga ko'ra, shahar AQSh yetakchiligidagi koalitsiya tomonidan qattiq bombardimon qilingan. Hozir chekinmoqdamiz, ammo albatta yana qaytamiz, deydi jihodchilar.
"Ayn al-Islomning 70 foizidan ko'pini egallab turgan edik", - deydi ulardan biri.
Iroq shimolida ham "Islomiy davlat"ga qarshi janglar davom etmoqda. "Reyter" axborot agentligining xabar berishicha, jangarilar neft stansiyasidan chekinishga majbur bo'lgan.
So'nggi ikki kunda jihodchilar kurd qo'shinlarining ikki generalini o'ldirgan.
Yaponiyada esa "Islomiy davlat" tomonidan qatl etilgan mahalliy jurnalist Kenji Goto xotirlanmoqda. Tokio jangarilarning garov puli to'lash yoki qamoqdagi safdoshini ozod etish talabini bajarmagach, jihodchilar jurnalistning kallasini oldi.
Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe voqeani g'ayriinsoniy terror harakati deb atab, uni qoraladi va Yaponiya buning uchun qotillarni kechirmaydi, dedi. Gotodan oldin yana bir yapon Xaruna Yukaka ham ayni tarzda o'ldirildi.
"Yaponiya hukumati ularni ozod etishga harakat qildi. Qotillar ularning o'limi uchun javob beradi", - dedi bosh vazir.
"Islomiy davlat" garovdagi iordaniyalik harbiy uchuvchi Moaza Kasasbini ham o'ldirishini bildirgan. Uning yaqinlari hukumatdan muzokaralar qanday kechayotgani xususida ma'lumot talab qilgan.
Kasasbi dekabr oyida samolyoti Suriyada jihodchilar tomonidan urib tushirilgach, qo'lga olingan edi. U hozir hayotmi, yo'q, ma'lum emas. Iordaniya hukumati uning hayot ekaniga ishonch hosil qilgach, muzokara qilishini bildirmoqda.
"Uchuvchini qutqarish uchun barcha choralarni ishga solyapmiz", - dedi Iordaniya Qiroli Abdulla.