Saudiya Arabistonida Qirol Abdullaning vafoti, Yamanda AQSh bilan yaqindan hamkorlik qilgan hukumatning qulashi, Isroil rahbariyati bilan munosabatlaridagi ayrim muammolar Obama ma'muriyati va prezidentning Yaqin Sharq siyosatini chigallashtirmoqda.
Obama oldida Eron yadro dasturiga doir muzokaralarni muvaffaqiyatli o'tkazish, "Islomiy davlat" va al-Qoidani yengish kabi vazifalar turibgina qolmay, Oq uy endi ittifoqchi davlatlar bilan ham taranglashgan aloqalarni tiklashi lozim.
Prezident Obama va marhum Qirol Abdulla o'rtasidagi munosabatlar silliq edi deb bo'lmaydi. Biroq shunga qaramay, Amerika rahbari uning ma'rakasiga borib, yangi qirol blan tanishib oldi.
AQSh delegatsiyasi tarkibida yuqori martabali rasmiylarni ko'rish mumkin edi - amaldagi mulozimlardan tortib sobiqlarigacha. AQSh va Saudiya Arabistoni yaqin ittifoqchilar, Qo'shma Shtatlar qirollikni mintaqada barqarorlik oroli sifatida ko'radi. Yamanda hukumat qulagandan beri esa vaziyat chigallashmoqda, arab yarimorolida "Islomiy davlat" va al-Qoida faollashgan.
Shu sabab Obama ma'muriyati jihodchilarga qarshi xalqaro koalitsiyaga qo'shilgan Saudiya Arabistoni bilan aloqalarni kuchaytirishga qaror qildi. AQSh jihodchilarni Suriya va Iroqda havodan nishonga olmoqda, ammo, deydi Obama, mintaqaga qo'shin kiritilmaydi.
“Yamanda terror guruhlariga qarshi kurashda bu mamlakatga askar safarbar etish shartmas. Mahalliy hukumat bilan hamkorlik qilishimiz, razvedka ma'lumotlari bilan almashganimiz ma'qulroq. Aslida hali ham shunday qilyapmiz. Ammo har safar biror mamlakatga terrorchilar kirsa, qo'shinlarimizni hadeb yubora olmaymiz”, - deydi Obama.
Obama ma'muriyati tez o'zgarayotgan muhitga mos, to'g'ri siyosat ishlab chiqishga harakat qilyapti, ammo bu oson emas, deydi vashingtonlik tahlilchi Maykl Oxanlon.
“Hozir ko'p voqealar sodir bo'lyapti, shuning uchun Oq uy kutishni ma'qul ko'ryapti. Bunday sharoitda to'g'ri siyosat bor deb o'ylamayman", - deydi ekspert.
AQShning Isroil bilan ham aloqasi oldingidan silliq emas. Saudiya Arabistoni kabi Isroil ham Obamaning Eron bilan yadro dasturi bo'yicha muzokara qilayotganidan norozi. Ular nazarida bunday harakatlar Tehronni kuchaytirmoqda.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Oq uyda doim iliq kutib olingan, ammo mart oyiga belgilangan tashrifi davomida Obama u bilan umuman uchrashmasligi mumkin. Kongressdagi respublikachi qonunchilar Netanyaxuni Oq uy bilan maslahatsiz Vashingtonga taklif etdi.
Davlat departamentining sobiq maslahatchisi Aaron Deyvid Millerning aytishicha, siyosiy va shaxsiy munosabatlar muammoli bo'lgani bilan ikki davlat aloqalari mustahkam.
“Hozirgi vaziyat munosabatlarimizga ta'sir qiladi deb o'ylamayman”, - deydi Miller.
Livanning Hizbulloh harakati Isroil-Livan chegarasida Isroil harbiy kolonnasiga hujum qilib, mintaqadagi vaziyatni yanada taranglashtirgan. Isroil artilleriya va havodan javob bergan. Ayrim kuzatuvchilar mintaqada yana bir mojaro kelib chiqishidan xavotirda. Bu esa AQSh ma'muriyati uchun yangi boshog'riq bo'lardi.