Amerika Prezidenti Barak Obama mart boshida Vashingtonga safar qilishni rejalayotgan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan ko'rishmaydi. Netanyaxu Kongressning har ikki palatasi oldida so'zlashi kutilmoqda.
Oq uyning bildirishicha, prezident saylovlar oldidan davlat yetakchilari bilan uchrashmaydi.
Netanyaxu Vashingtonga 3-martda keladi. Oradan ikki hafta o'tib Isroildagi saylovda bosh vazir qayta saylanishga urinadi.
Netanyaxuni respublikachi spiker Jon Beyner taklif qilgan-u, bu haqda Oq uy bilan mashalat qilmagan. Kongressga murojaatida Isroil bosh vaziri radikal islom va Eronning Amerikaga solayotgan xavfi haqida so'zlaydi, deydi Beyner.
Qator respublikachi va demokrat qonunchilar Tehronga qo'yilgan sanksiyalarni kuchaytirishga undab keladi. Maqsad, deydi ular, Eronni yadro quroli yasash yo'lidan qaytarish. Netanyaxu nazarida Amerika va boshqa yirik davlatlar Eronga ko'p yengilliklar yaratmoqda.
Prezident Obama qo'shimcha sanksiyalarga hojat yo'q, muzokaralar esa davom etadi, deydi. Xalqqa yillik murojaatida AQSh rahbari Kongress yangi cheklovlarni olg'a sursa, veto qo'yishini ta'kidladi.