Suriyaga qarshi urush ehtimoli qanday?

  • Amerika Ovozi
Suriyada kimyoviy qurol ishga solingani haqida xabar tarqalgach, Obama ma’muriyati bu davlatga qarshi hujum qilish ustida o’ylanmoqda. Damashq yaqinidagi voqeada tinch aholi qurbon bo’lgan. Talofatlar tushirilgan tasvirlar Oq uydan mojaroni to’xtatish uchun dadil chora ko’rishni talab qilmoqda.

AQSh davlat kotibi Jon Kerri kimyoviy qurolni Suriya hukumati qo’llaganiga shak-shubha yo’q, demoqda.

"O’tgan hafta Suriyada ko’rganlarimiz inson qalbini larzaga soladi. Tinch fuqarolarning ommaviy ravishda qirilgani, ayollar, bolalar, begunoh insonlarning kimyoviy qurol qurboniga aylangani ma'naviy qabihlik, dahshatli jinoyatdir", - dedi Kerri.

Biroq Qo’shma Shtatlar bu borada rasmiy bayonot chiqargani yoki qachon Suriyaga hujum qilishini bildirgani yo’q.

AQShning O’rta Yer dengizida to’rtta hujumkor kemasi joylashgan, Suriyaga juda yaqin. Pentagon rasmiylari prezidentdan hujumga o’tish haqida buyruqni kutmoqda.

Mudofaa vaziri Chak Xeygelning aytishicha, hozirda barcha choralar ko’rib chiqilmoqda.

"Razvedka ma’lumotlari o’rganilmoqda. Dalillarni qo’lga kiritamiz. Biror chora ko’riladigan bo’lsa ham xalqaro hamjamiyat bilan maslahatsiz, xalqaro qonunchilikdan tashqarida bo’lmaydi", - dedi Xeygl.

Obama ma’muriyati operatsiyaning siyosiy tomonlarini ham taroziga solgan. Iroq va Afg’onistondagi uzoq muddatli urushlar, ko’p sonli talofatlardan so’ng Amerika xalqining Yaqin Sharqda yana bir mojaroga toqati yo’q.

Shu sabab Suriyaga qarshi hujum havodan olib borilishi mumkin.

Vashingtonlik tahlilchi Maykl Rubin buni cheklangan yondashuv deb ataydi, biroq uning nazarida mojaro kuchayib, mintaqa bo’ylab yoyilishi ham ehtimoldan xoli emas.

"Obama ma’muriyati qarshi hujum rejasini hisobdan chiqarmaydi. Suriya nafaqat AQSh manfaatlari, balki Amerikaning Suriyaga qo’shni ittifoqchilarini ham nishonga olishi mumkin", - deydi Rubin.

Buni Isroil ham yaxshi tushunadi. So’nggi kunlarda bu mamlakatda protivogaz sotib olishga navbatlar paydo bo’lgan.

AQSh harbiy rahbarlaridan biri general Martin Dempsi Suriyaga qarshi harbiy harakatlarning keng qamrovli va uzoq muddatli mojaroga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Amerikaning Iroqda olgan saboqlari ham o’ziga yarasha ogohlantirish sifatida xizmat qilmoqda. Biroq Kosovo urushida AQSh ishtiroki cheklangan va samarali bo’lgan.

Obama maslahatchilariga ko’ra, prezident 1999-yilda bo’lgani kabi AQSh hujumini huquqiy tomondan asoslash yo’llarini izlamoqda. O’shanda Kosovoda Amerika tinch aholini himoya qilishni asosiy sabab qilib ko’rsatgan edi.