Suriyaning asosiy muxolif guruhi shu hafta Jenevada qayta boshlanadigan tinchlik muzokaralarida ishtirok etish niyatida ekanini ma'lum qildi.
Oliy muzokaralar qo'mitasi so'zlovchisi Riad Nassan Ag'aning aytishicha, delegatsiyalar juma kunidan boshlab Jenevaga kelishni boshlaydi. U, shuningdek, 27-fevral kuni kuchga kirgan vaqtinchalik sulh natijasida Suriyada to'qnashuvlar kamayganini hamda insonparvarlik yordamini yetkazish bo'yicha ishlar ham yaxshi ketayotganini bildirdi.
BMT rasmiysi Staffan De Mistura muzokaralarni fevral oxirida boshlashni rejalagan edi, ammo AQSh va Rossiya hujumlarni to'xtatish bo'yicha olib borgan muzokaralar vaqt olgani bois martga qoldirilgan.
Rossiya va AQSh ixtilofga doimiy yechim topish yo'lidagi muloqot darhol boshlanishi kerak, degan fikrda yakdil.
Bu orada Eron va Turkiya yetakchilari, Suriya urushini tugatish bo'yicha qarashlari farqli bo'lsa-da, mintaqada zo'ravonlikni tezroq tugatish kerak, degan fikrni olg'a surmoqda.
Turkiya Bosh vaziri Ahmed Dovuto'g'li Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan Tehronda ko'rishib, shu haqda gaplashgan.
Dovuto'g'lining aytishicha, Eron va Turkiya zo'ravonliklarni tugatish bo'yicha hamkorlik qila oladi. O'z birodarlarimizni o'ldirishni to'xtatishimiz kerak, dedi u.
Turkiya Suriya Prezidenti Assadning keskin tandiqchilaridan sanaladi. Eron esa Assad rejimining asosiy himoyachisi.