Tojikistonda hozir o’zbek tilida chop etilayotgan nashriy vositalar miqdori sho’rolar davridagidan anchagina ortiq bo’lsa-da, tirajlari oz bo’lib, mahalliy ekspertlar uning elga ta’sir va targ’ibot-tashviqoti oldingi darajada emas deb hisoblashadi.
Ijodkorlar fikricha, buning asosiy sababi bozor munosabatlarida bo’lib, mahoratli mutaxassislar yetishmaydi. O'zbek ommaviy axborot vositalari (OAV) davlat tilida chiqadigan boshqa nashrlarga qaraganda mazmun va sifat jihatdan ancha orqada, qalamkashlar orasida ichki senzura kuchlilik qiladi, deydi ular.
Your browser doesn’t support HTML5
Sakkiz milliondan ortiq aholiga ega respublikada hozir nashr etilayotgan 500 ga yaqin OAVlarning 95 foizdan ortig’i tojik tilida bo’lib, o’zbek tilida bir respublika va bir viloyat hukumat gazetasi chop etiladi. Ularning umumiy tiraji 7000 ga yaqin bo’lsa, Sug’d va Xatlon viloyatlari hamda Dushanbeda yana jami sakkiz xususiy o’zbekcha nashrlar umumiy tiraji 15000 atrofida hamda ular yoz mavsumida chop etilmaydi.
Ikki milliondan ortiq o’zbeklarning har yuztasiga bir gazeta-jurnal to’g’ri keladi. Tojikistonlik o’zbek qalamkashi Faxriddinning fikricha, bugungi kunda respublikadagi gazeta-jurnallarda ishlash bilan mutlaqo ro’zg’or tebratib bo’lmaydi, qalam haqi berilmaydi hisob. Aksincha, mehnat qilib yozganlari uchun pul ta’ma qilishadi, deydi u.
"Bunday holatda yosh o’zbek jurnalisti redaksiyada ishlashdan ko’ra mardikorlikni afzal ko’radi. Davlat tilida nashr etilayotgan gazetalar birmuncha jonli chiqadi, kuchli tanqidiy maqolalar uchraydi, o’zbekchada buni ko’rmaysiz, ozbekchasining tirajlari ham oz, xalq deyarli gazeta o’qimay qo’ygan. Redaksiyalar majburiy obuna hisobidan kun ko’radi", - deydi Faxriddin.
Uning aytishicha, ochiq va dildan yozilgan maqolalarni deyarli chop etishmaydi.
Ko’p yillar redaksiyalarda ishlagan, hozirda dehqonchilik bilan mashg’ul o’zbek shoiri Ahli Rasul Muhammad o’zi matbuotdan uzoqlashib qolganini ta’kidlab, hozir kasb fidoiylari yo’qligini aytadi.
"Rostini aytganda, necha yillardan beri Tojikistonda chiqayotgan bironta o’zbekcha nashrlarga na obuna bo’lganman, na sotib olaman, na o’qiyman. Lekin umumiy xulosam shuki, respublikadagi ayrim tojik matbuoti judayam demokratik, so’z erkinligi mavjudligini isbotlaydigan nashrlar, haqiqatni dangal yozishadi. Lekin o’zbek tilida chop etiladigan nashrlar qandaydir silliq-da, men ishlab yurgan paytda ham shunday edi. Mening fikrimcha, bunday bo’lishiga sabab, Tojikistonda haqiqiy jonkuyarlikdan tashqari o’z kasbining ustasi bo’lgan haqiqiy professional jurnalistlar yo’q o’sha nashrlarda ishlayotganlar orasida. Yosh mutaxassislar bor, lekin jurnalistikaning chinakam ustasi bo’lgan, uning sir-asrorini chinakam biladigan, yoki o’z kasbi uchun jonini fido qilishga tayor turgan, qo’rqmaydigan, hech narsadan sho’chimaydigan, haqiqat uchun kurashadigan mutaxassislar bo’lsa deyman. Kunim o’tsa bo’ldi deydiganlar ko’p hozir. Masalan, Sug’d viloyatida bittagina “Sug’d haqiqati” o’zbekcha hukumat gazetasi, respublikada ham bittagina “Xalq ovozi” gazetasi chiqyapti. Qolganlari hammasi xususiy. Ularga nima kerak? Ularga haqiqat kerak emas, itisodiy, axloqiy, ma’naviy jihatdan, umuman, chuqur tahlil qilingan yetuk, zo’r maqolalarni chop etishning ularga unchalik ahamiyati yo’q. Ular qanday yo’l bo’lmasin, tirajni oshirib, obunani ko’paytirib, xaridorlarini ko’paytirsalar bo’ldi, pul topishnigina o’ylaydi. Jurnallariyam, gazetalariyam qanday bo’lmasin daromad topishni o’ylaydi, yashash uchun, tirikchilik uchun pul topish kerak, shu maqsad bilan xususiy nashrlar tashkil etilgan. Muassislarning yagona maqsadi pul topish, boshqa maqsadi yo’q! Bu yerda chiqadigan gazeta-jurnallarning hech qanday ahamiyati yoq", - deydi sug’dlik o’zbek shoiri.
Tojikiston matbuoti a’lochisi, Xo'jandda o’zbek tilida chop etilayotgan “Ma’naviyat” gazetasi va “Sharqnoma” jurnali asoschisi Ilhom Yusupov respublikadagi o’zbek matbuotiga baho berarkan, avvalo, millat orasida yetuk siyosatmadorlar bo’lishi zarur deb hisoblaydi.
"Tojikistonda o’zbek matbuotiga davlat tomonidan keng imkoniyat berilgan, istagan odam istaganini chiqarmoqda, davlat tarafidan bosimlar yo’q. Ammo lekin, shu millatning ichidan yetuk siyosatmadori bo’lmasa, haqiqiy jurnalisti bo’lmasa, dolzarb masalalarni ko’ra-biladigan, uning yechimini topa biladigan odam bo’lmagandan keyin nima deyish mumkin? Sohani o’lgan deyish mumkin, tamom! Ko’ngil ochar nashrlar bo’lsa… faqat xalqni aldab, ko’ngil ochib yurmaysizku, xalq siyosatmador bo’lsin, vaziyatni, dolzarb masalani, ahvolni tushunsin. Buni kim tuhuntirib bera oladi? Faqat jurnalist tushuntirib berishi kerak. O’zbek matbuotida mavzularni ko’tarishga kelsak, shuni ham bilishmaydi bular, to’g’risini aytganda. Kamchilikni ko’rsatish hammaning qo’lidan keladi, uning yechimini topib berish kerak, gap ana shunda", - deydi Yusupov.
O’zbek gazetasida ishlayotgan Sadorat aytadiki, Tojikistonda barmoq bilan sanarli o’zbek nashrlari bor, ammo milliy nashrlarga sharoit va muhit qo’shni respublikadagiga qaraganda ancha ilgarida.
"Bizda o’zbek OAVlariga e’tibor birmuncha yaxshi, qo’lidan kelgan o’z ishini qilyapti. Gap tiraj va xalqga ta’sir, ommaviylashish haqida ketadigan bo’lsa, hozir katta yoshdagilar tirikchilik g’amida, yoshlar esa hammasini internetdan topadi, kerak bo’lsa o’sha yerda chop ham etadi. Ommaviylik hozir elektron axborot vositalarida. Lekin sizlar qitmir savollaringiz bilan ichki ishlarimizga daxolat qilasizlar, bizlarni tinch qo’ying, siyosatga tortmang, Tojikistonimizda hammasi a’lo darajada",- deydi u.
Uzoq yillar Markaziy Osiyo OAVlarida ishlagan tojikistonlik o’zbek shoiri Odil Ikrom respublikadagi milliy matbuot mahoratli mutaxassislarga muhtoj deb hisoblaydi.
"Jurnalist degani kunning muhim mavzulari - narkomaniya, SPID, dolzarb muammolar haqida yozishi kerak. Bular raislarni maqtab yozadi, bironta jurnalist yo’q Tojikistonda! Bir vaqtlar “Tong” gazetasi jonlangandi, Avliyoxon Eshon davrida esa “Qadriyat” gazetasi yaxshi edi, boshqa hech narsa bo’lgani yo’q. Bizning davrimizda “Sovet Tojikistoni” gazetasi ilg’or edi. Hozirgi mustaqil o’zbek nashrlari hammasi oldi-qochdi narsalar, hammasi soxta! Chunki, qo’lda qalami bor jurnalistlar yo’q! Jurnalist degani muammolarni, xalqning dardi, uning bo’g’zida qotib qolgan nolasini yozishi kerak.“Xalq ovozi” gazetasi deydi, o’sha xalq ovozi kabinetdan tashqariga chiqmaydi. Ichki senzura bor deydiganlarga javob shuki, bunga mahorat kerak. Biz sovet davrida, o’sha “Sovet Tojikistoni”da dardlarimizni qog’ozga o’rab aytganmiz-ku! Bunga mahorat kerak, u yalang’ochlik, u tomdan tarasha tushgandek mavzular kerak emas, mahorat bilan, talant bilan yoritib berish kerak", - deb fikrini yakunlaydi Odil Ikrom.
Ayni paytda Tojikistondagi o’zbek OAVlarida ishlovchi ijodkorlarning aksari o’rtacha yuz dollarga yetar-yetmas atrofida maosh olsalar-da, turmushlaridan nolishmaydi, tinch va osoyishta mamlakatda yashashayotganlariga shukrona qilishadi.