16-17 may kunlari Vashingtonda AQSh-Tojikiston yillik maslahatlashuv uchrashuvlari bo’lib o’tdi. Dushanbedan kelgan delegatsiyaga Tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy boshchilik qilmoqda.
20-21 may kunlari ular Chikagoda o’tadigan NATO sammitida qatnashadi. AQSh poytaxtidagi muzokaralarni Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Robert Bleyk olib borgan.
Tojikiston qo’shni Afg’onistondagi xalqaro qo’shinlarga zarur anjomlarni yetkazishda ko’maklashib kelayotgan davlatlardan biri. Biroq, diplomatlarning aytishicha, bu hamkorlikning bir qirrasi xolos.
Asosiy urg’u Afg’onistondagi urushda
2014-yildan keyin bu mamlakat o’zini boshqara oladimi? Xalqaro koalitsiya bu mamlakatni tark etayotgani region xavfsizligi uchun nimani anglatadi?
Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy 16-may kuni AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton huzurida bo’lib, Afg’onistonga ko’mak va regional masalalarni muhokama qilgan.
Narkotraffik - Afg’oniston bilan eng uzun chegaraga ega Tojikiston uchun eng o’tkir muammolardan biri. Vashington qoradori savdosiga qarshi kurash va chegarani mustahkamlash uchun har yili o’nlab million dollar yordam ajratadi.
Vazirning aytishicha, chegaraning 70 foizi himoyasiz, hech qanday elektronik vositalar bilan ta’minlanmagan. AQSh va xalqaro hamjamiyatdan qanday madad zarur?
“Avvalo tojik-afg’on chegarasidagi infrastrukturani yaxshilash kerak, bu esa katta mablag’ talab qiladi. Afg’onistonda qoradoriga tobelikni kamaytirish, qishloq xo’jaligini rivojlantirish – ikkinchi eng muhim qadam. Bu ishni eskirgan irrigatsiya sistemalarini yangilashdan boshlash zarur”, - deydi Tojikiston tashqi ishlar vaziri.
Rasmiy Dushanbe Panj daryosida yangi to’g’on va suv kanallari barpo etish taklifi bilan chiqqan. Hamroxon Zarifiy so’zlariga ko’ra, bu loyihalar yuzasidan qo’shni respublikalar bilan maslahatlashib ish tutiladi.
Rog’un GESi O’zbekiston rahbariyatining g’ashiga tegib kelayotgan ana shunday proyektlardan biridir.
Texnogen falokatlar va suv tanqisligidan shikoyat qilayotgan Toshkent loyihani xalqaro ekspertizadan o’tkazishni talab qilgan va uch yil oldin bu ish Jahon Bankiga topshirilgan edi.
Xulosalar o’tgan yili e’lon qilinishi kerak edi. Keyinchalik 2013-yilga qoldirildi.
Yirik vaznli to’g’onlar qad rostlashi obi-hayot tanqisligiga olib keladi, degan tanqidlarga tashqi ishlar vazirining javobi shuki, Markaziy Osiyo hamma uchun yetarli suv zaxiralariga ega. Gap undan effektiv foydalanishdadir.
To’g’ri, deydi u, ayrim regional masalalarda O’zbekistondan farqli qarashga egamiz, biroq bu orada keskinlik avj olayapti degani emas.
“Qo’shni davlatlarmiz, aloqalarimiz normal. Muammolarni dialog-muzokara orqali hal qilishga harakat qilayapmiz”.