Tojikiston va O’zbekiston aloqalari tez rivojlanib bormoqda. Toshkentda o’tkazilgan Tojikiston madaniyati kunlari O’zbekiston ommaviy axborot vositalarida keng yoritildiki, shuning o’ziyoq qo’shni davlatlar hamkorligi yangi bosqichga ko’tarilganini anglatadi. Ammo orada hali ham tafovutli qarashlar mavjud.
Tojikiston madaniyati kunlari ikki qardosh xalq tarixiy birligi tiklanayotganiga yaqqol misoldir.
Your browser doesn’t support HTML5
Tojikiston madaniyat vazirligining xalqaro aloqalar bo’limi mudiri Abdug’affor Abdujabborov Toshkentda o’tgan xalqaro tadbir haqida juda ijobiy fikr bildirar ekan, bundan buyon har ikki respublika orasidagi aloqalar tadrijiy ravishda rivojlanib borishiga ishonadi.
"O’zbekiston madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfulloyev tojik san’ati va adabiyotining o’nlab mashhur va atoqli namoyandalari nomini, mavlono Jomiy va Mir Alisher Navoiy do’stligini ta’kidlab, Tojikistonning mashhur shaxslarini yodga olib, bo’layotgan aloqalarni tarixiy an'analarning go’zal ko’rinishi sifatida baholadilar. Respublikamiz yozuvchilar ittifoqi raisi Nizom Qosim o’zining o’zbek hamkasbi Muhammad Ali bilan uchrashuvda o’zaro aloqalarni yanada rivojlantirish borasida kelishib olishdi. O’zbekiston poytaxtida Tojikistondan 50 ga yaqin san’at, adabiyot va ishlab chiqarish korxonalari namoyandalari ishtirok etishdi. Tadbir uchun ajratilgan joyga odamlar sig’may, ba’zilar tashqarida ham qolib ketdi. Bizning kelajakdagi hamkorliklardan umidimiz juda katta", - deydi Abdujabborov.
Tojikistonlik o’zbek ziyolisi Ozodbek Meliboyev ham eski rishtalar qayta tiklanishiga ishonadi.
"O’zaro aloqalarda o’tgan bir yildagi o’zgarishlar talaygina. Tojikiston poytaxti va Xo’jand shaharlarda O’zbekiston mahsulotlari ko’rik savdosi, O’zbkiston madaniyati kunlari o’tkazildi. Yaqinda esa Toshkentda Tojikiston mahsulotlari ko’rgazmasi va madaniyati kunlari tantana bilan o’tkazildi. Sho’rolar davrida adabiyot, san’at va boshqa-boshqa sohalarda dekadalar o’tkazish odati bor edi, shular nazarimda qayta tiklanadi. Dunyoda hech bir xalq o’zbegu-tojikdek bir-biriga yaqin emas. Uzoq yillar davomida munosabatlarda salqinlik kuzatildi, mana endi Xo’jand shahrida ham O’zbekiston savdo markazi ochildi. Bu yerda O’zbekistonda ishlab chiqariladigan yuzlab turdagi mahsulotlar ulgurji savdosi tashkil etilgan, tojikistonlik savdogarlar endi chegarani kesib o’tish, bojxona sansolarliklaridan, ortiqcha yo’l xarajatlaridan qutulishdi. O’zbekiston mahsulotlari bu savdo markazida bozordagidan 30-40, ayrimlari esa 60 foizgacha arzonligi bilan mahalliy tadbirkorlarga ma’qulkelmoqda. Iqtisodiy sohadagi oldi-berdilar ijtimoiy-madaniy sohaga ta’sir o’tkazmay qolmaydi. Ajabmaski, oradan viza tartibi ham ko’tarilib qolsa", - deydi Ozodbek.
Ayrim mahalliy ziyolilar O’zbekistonning Qirg’iziston va Qozog’iston bilan aloqalari tubdan amaliy o’zgarayotgani misolida Tojikiston bilan munosabatlarning hali ham ko’ngildagidek emasligi, hali muammolar talayligini urg'ulashadi ham. Nima uchun O’zbekistonning Tojikistonga munosabatlarida bu qadar ehtiyotkorlik ko’riladi, degan savolga respublikadagi o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi, dotsent Ilhom Yusupov ikki faktorni sabab etib ko’rsatadi:
"Birinchidan, haligacha eskicha fikrlaydigan, o’sha oldingi yillardagicha munosabatdan manfaatdorlar haligacha yuqori lavozimlarni egallab turibti. Fuqarolar urushidagi boshboshdoqlik davrida Tojikistonda ba’zi o’zgacha diniy oqimlar kuchaydi, ba’zi to’dalar chuqur ildiz otdi, o’z ta’sir kuchlarini yaratib ham qo’yishdi. O’zaro munosabatlar sovuqligi 20 yil davom etgan bo’lsa, jarayonning izga tushishiga ham shuncha vaqt lozim bo’ladi. Ikkinchidan, Tojikistonning 1400 kilometrdan ortiq afg’on chegarasi bor, u yerda esa o’lkadan chiqib ketgan radikal qarashdagi kuchlar yig’ilgan. Bu hammasi har qanday qo’shni davlatni hushyorlikka undashi ta’biiy. Buning ustiga ba’zilar tojik armiyasi imkoniyatlariga shubha bilan qarashi sir emas. Bu ichki va tashqi omillar ikki qardosh davlatlar orasidagi munosabatlarda tub o’zgarishlarga salbiy ta’sir o’tkazadi", - deydi o’zbek olimi.
Kuzatuvchilarga ko’ra, Markaziy Osiyoda o’zaro birlikning yangi bosqichi boshlangani shubhasiz. Qirg’izistonda yangi hukumatning paydo bo’lishi va Qozog’istonda ham kutilayotgan o’zgarishlardan so’ng mintaqa integratsiyasining ikkinchi bosqichi boshlanadi.